Hamkorlikdagi muvaffaqiyatli loyihalar

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Toshkent shahrida press-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlar mamlakatimizda ushbu tuzilma tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha va dasturlar ijrosi bilan tanishdi.
Yaponiya – Oʻzbekistonning yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan. Bu kabi hamkorlik munosabatlarini kengaytirishda JICA alohida oʻrin tutadi. Ushbu tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi mamlakatimiz vazirlik va idoralari bilan ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar yoʻnalishlardagi ishlarni amalga oshirishda yaqin hamkor sanaladi.
Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yaponiyalik mutaxassislar oʻz bilim va tajribasi bilan oʻrtoqlashish orqali turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Soʻnggi yillarda Agentlik tashabbusi bilan mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda. “Yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi va nazorati”, “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar ajratish” (JDS), “Kichik grantlar dasturi”, “Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasini qurish” loyihalari shular jumlasidan.
Tibbiyot tizimidagi sheriklik ham JICAning Oʻzbekistondagi faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Tadbir ishtirokchilari poytaxtimizdagi Respublika Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazida boʻlib, bu boradagi hamkorlik samaralari haqida atroflicha maʼlumotga ega boʻldi.
Markazda JICA tomonidan taqdim etilgan grant hisobiga 59 turdagi tashxis va davolash asbob-uskunalari xarid qilingan.
– Bugungi kunda zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan markazda kasallikni erta aniqlash va davolash ishlari bepul amalga oshirilmoqda, – deydi milliy markaz davolash ishlari boʻyicha bosh shifokor oʻrinbosari Zayniddin Bekmurodov. – Ushbu apparatlar nogironligi bor bemorlarga aniq tashxis qoʻyish barobarida beriladigan tavsiyalarni asoslash va nuqsonlarni bartaraf etish imkonini bermoqda.
Jurnalistlar poytaxtimizdagi 2-son Bolalar va oʻsmirlar sport maktabida ham boʻlib, suzish sporti boʻyicha yaponiyalik koʻngilli murabbiy faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
12.jpg
22.jpg
28.jpg

 

Zuhra Mirzaboyeva, Farhod Abdurasulov (surat), OʻzA