Oʻzbekistonlik olim Butunjahon fanlar akademiyasi aʼzoligiga saylandi

Butunjahon fanlar akademiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida faoliyat yurituvchi yirik xalqaro ilmiy muassasadir. 
Koʻpchilik mazkur nufuzli ilmiy tuzilma sayyoramizning barcha qitʼalaridan ming nafardan ziyod yetakchi olim, muhandis va ixtirochilarni birlashtirib turganini bilmasligi mumkin.
Joriy yilda tashkilotning yangi aʼzolarini aniqlash boʻyicha mavjud haqiqiy aʼzolar ishtirokida oʻtkazilgan saylovda oʻzbek olimi ana shunday yuksak eʼtirofga sazovor boʻldi. Yaʼni oʻzbekistonlik matematik olim, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Matematika instituti yetakchi ilmiy xodimi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Oʻtkir Roziqov ilmiy tuzilmaning aʼzosi etib saylandi.
Bundan tashqari saylovda ushbu ilmiy tuzilma tarkibiga dunyoning 24 mamlakatidan 55 nafar yangi aʼzo qabul qilindi. Buxoro davlat universiteti matbuot xizmati xabariga koʻra, bugungi kunga qadar Oʻzbekiston olimlaridan uch nafari ushbu tuzilma aʼzoligiga saylangan edi. Oʻtkir Roziqov esa ularning toʻrtinchisi boʻldi.
Olim dunyoning oʻnlab mamlakatlaridan takliflar olib, ularning oliygohlarida maʼruzalar oʻqimoqda. U.Roziqovning 202 ilmiy ishidan 125 tasi chet elning nufuzli jurnallarida, 23 tasi respublikamiz jurnallarida chop etilgan. Uning 404 betlik monografiyasi esa dunyoning 200 dan ortiq universitet va ilmiy markazlari kutubxonalaridan oʻrin egallagan.
Ayni kunda ilmiy natijalari jahon miqyosida eʼtirof etilgan, iqtidorli olim Oʻtkir Roziqov Buxoro davlat universitetining Matematika kafedrasi taklifiga koʻra 5 noyabrdan 17 noyabrga qadar oʻz maʼruzalari bilan pedagog oʻqituvchilar bilim saviyasini boyitishga beminnat yordam bermoqda.

 

Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA