“Smart Chain” mobil ilovalari turizmni rivojlantirishga koʻmak beradi

Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmatining xabariga koʻra, Innovatsion gʻoyalar haftaligi “InnoWeek-2018”da eng yaxshi innovatsion loyiha nominatsiyasida gʻolib boʻlgan “Smart Chain” kompaniyasi Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish va muzeylar faoliyatini yanada yaxshilash borasida innovatsion yondashuvlarni taklif etdi.

“Nazzar” – innovatsion ilova boʻlib, istalgan materialni toʻldirilgan reallik elementlari bilan boyitishi mumkin. Smartfon “Nazzar” belgisiga yoʻnaltirilsa, mobil qurilma ekranida real obyektning tasviri chiqib, u turli effektlar bilan toʻldiriladi.

“Smart Chain” kompaniyasi mutaxassislari taklif etgan innovatsion ilovalar orqali mamlakatimizning turistik salohiyatini keng targʻib qilish, hamda muzeylarni yoshlar oʻrtasida yanada ommalashtirish mumkin. Ushbu kartochkalarga smartfonni yaqinlashtirish orqali tarixiy obyektlarni “gavdalantirish”, lavha fonida audiomatnni eshitish yoki uni 3 D realligida tomosha qilish mumkin.

Bu boʻyicha mazkur kompaniya bilan Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Madaniyat vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamkorlikda toʻrt tomonlama memorandum tuzishga kelishib olindi.

 

Davron Sunnatov, OʻzA