Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori boshchiligidagi delegatsiya Buxoroda boʻldi.
Buxoro viloyati va shahri hokimliklari mutasaddilari, soha mutaxassislari ishtirok etgan muloqot doirasida “Energomarkaz” aksiyadorlik jamiyatining sifatli issiqlik yetkazib berish tizimini zamonaviy talablar asosida qayta takomillashtirish loyihasining taqdimoti oʻtkazildi.
Ushbu loyiha bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish uchun xalqaro tashkilot vakillari “Energomarkaz” aksiyadorlik jamiyati korxonasida boʻlib, texnologik uskunalar yangilanadigan sex va issiqlik taʼminotchisi xizmat koʻrsatadigan hududlar bilan tanishdi.
Jahon banki direktorlar kengashi tomonidan maʼqullangan va Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasining mablagʻlari hisobidan imtiyozli ravishda moliyalashtiriladigan loyiha qiymati 14 million 620 ming dollarga teng. Bu mablagʻ hisobiga “Buxoroenergomarkaz” aksiyadorlik jamiyatida keng koʻlamli texnologik yangilanishlar amalga oshiriladi.
Dastlab, issiqlik taʼminoti mavjud ochiq tizimdan yopiq tizimga oʻtkaziladi. Shuningdek, 198 koʻp qavatli uy-joyda va ijtimoiy soha obyektlarning 33 tasida individual issiqlik punkti quriladi. Bundan tashqari, qozonxonada bitta yangi zamonaviy qozon oʻrnatiladi, eskirgan ikkita qozon va nasos xoʻjaligi modernizatsiya qilinadi. Taʼkidlash kerakki, hozirgi paytda isteʼmolchilar bilan bogʻlaydigan umumiy uzunligi 5 kilometr 550 metrdan iborat magistral issiqlik tarmoqlarining holati zamonaviy talablar darajasida emas. Ayni shu bois ham ular issiqlik uzatish samaradorligi yuqori maxsus qoplamali quvurlarga almashtiriladi.
Loyiha “Energomarkaz” AJ xizmat koʻrsatadigan bevosita xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tasarrufidagi uylar yertoʻlasini ham qamrab oladi. Bu yerda elektr va ichimlik suv tizimlari taʼmirlanadi hamda asbob-uskunalar bilan taʼminlanadi.
– Hisob-kitoblarga koʻra, loyiha natijasida yiliga 4,7 milliard soʻmlik energiya resurslar, yaʼni tabiiy gaz, elektr energiyasi, shuningdek, ichimlik suvi tejab qolinadi, – deydi “Energomarkaz” AJ raisi Anvar Qorayev. – Zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi issiqlik energiyasi ishlab chiqarish tannarxini 30 foizga kamaytirish, taʼminot sifatini oshirish imkonini beradi. Eng muhimi, yetkazib berish jarayonida issiqlikning yoʻqotilishi ikki baravarga, energoresurslarning kam sarflanishi evaziga undan foydalanilganda havo qatlamiga chiqarib yuborilishi mumkin boʻlgan zaharli gaz – karbonat angidrid miqdori yiliga 5,2 ming tonnaga kamayadi.
Maʼlum qilinishicha, modernizatsiya tufayli issiqlik tizimlari va koʻp qavatli uylardagi issiqlik taʼminoti tizimlarining xizmat koʻrsatish muddati 50 yilga uzayadi.
Individual issiqlik punktlari oʻrnatilishi hisobiga koʻp qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlaridagi issiklik tashqi muhit harorati hisobga olinib, avtomatik tarzda boshqariladi. Isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblar haqiqiy yetkazib berilgan issiqlik energiyasi (koʻp qavatli uylarda issiqlik hisoblagichi oʻrnatiladi) boʻyicha olib borilishiga erishiladi.
Ushbu loyiha 2019 yilning ikkinchi choragidan boshlanib, bosqichma-bosqich 2021 yilda nihoyasiga yetkaziladi.
Erkin Yodgorov, OʻzA