Oʻzbekiston Davlat jahon tillari universitetida xalqaro jurnalistika fakulteti talabalarining yozgi amaliyot natijalari sarhisobi, namunali ijodiy ishlarini baholash va ularni ragʻbatlantirish maqsadida “Amaliyot eʼtirofi-2018“ anʼanaviy anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda markaziy nashrlar, televideniye va axborot agentliklari masʼul xodimlari, professor-oʻqituvchilar, talabalar ishtirok etdi.

Universitet prorektori N.Mamadov, Oʻzbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori oʻrinbosari A.Rajabov, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori G.Bobojonova, xalqaro jurnalistika fakulteti dekani A.Karimov va boshqalar soha xodimlari zimmasida dunyo axborot makonida roʻy berayotgan voqea-hodisalarga tezkor, xolis va haqqoniy munosabat bildiruvchi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdek masʼuliyatli vazifa turganini taʼkidladi.

Yetuk jurnalist kadrlar tayyorlash, bu yoʻnalishda tahsil olayotgan talabalarning amaliy bilimlarini mustahkamlash, shuningdek, ularning ommaviy axborot vositalari turlari va mavzular boʻyicha ixtisoslashuvida malakaviy amaliyot jarayoni muhim oʻrin tutadi. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti va ommaviy axborot vositalari oʻrtasida mustahkam hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan boʻlib, bu amaliyotning samarali tashkil etilishiga xizmat qilmoqda.

Mazkur anjuman talabalarning jurnalistik qobiliyati va iqtidorini eʼtirof etish, ularni ragʻbatlantirish maqsadida universitet rahbariyati, fakultet professor-oʻqituvchilarining tashabbusi bilan oʻtkazildi. Talabalarning jurnalistik ishlari professional jurnalist-amaliyotchilardan iborat hayʼat aʼzolari tomonidan saralandi. Eng iqtidorli, deb eʼtirof etilgan talabalar diplom, ramziy statuetka va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

 

Mohigul Qosimova, OʻzA