Ijtimoiy tarmoq va ayrim saytlarda Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi rahbariyati bilan aloqador turli xabarlar tarqaldi, mish-mishlar urchidi. Ularda asosan federatsiya prezidentligi uchun “kurash” haqida aytiladi. Aslida nima boʻlgan edi? Federatsiyada haqiqiy vaziyat qanday? Bugun Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti kim?
Ushbu savollarga javob topish va vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida 12 yillik tanaffusdan soʻng Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasi mutasaddilari taklifi bilan 2018 yil may oyida Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi prezidentligiga rasman saylangan Nurxon Nafasov bilan uchrashdik.
(Bizning izoh: Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sport ustozi, 6 DAN qora belbogʻ sohibi Nurxon Nafasov 1996-2006 yillarda Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti lavozimida ishlagan).
NURXON NAFASOV: ADOVAT EMAS, ADOLAT YENGSIN…
– 2006 yilda 70 mingdan ortiq yoshlarimiz karate bilan shugʻullanardi. Bugun ularning soni 7-8 ming atrofida, ommaviylik darajasidan ancha yiroqlashib ketgan, – deydi N.Nafasov. – Ochiq aytaman, oʻtgan yillar davomida karateni xalqimiz, xususan, yoshlar oʻrtasida targʻib qilish tizimi izdan chiqqan edi. Oqibat nima boʻldi? Karate boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi inqirozga uchradi. Gap shundaki, oʻtgan davrda faqat 6-7 nafar sportchiga eʼtibor qaratilgan xolos. Shu sportchilar 4-5 yil davomida muttasil chet elma chet el musobaqalarda yurgan. Ular bir kun jarohat olsa, ertaga nima boʻladi, degan fikr boʻlmagan. Oʻz navbatida, Oʻzbekistonda ulardan boshqa sportchilar yoʻqmi, degan savol tugʻiladi. Terma jamoada zaxira sportchilar toʻplanmagan.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shaffoflik siyosati samarasi oʻlaroq, 2018 yil may oyida 12 yillik tanaffusdan soʻng meni Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi prezidentligiga tavsiya qilishdi. Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti Umid Ahmadjonov Oʻzbekistonda karate sporti inqirozga yuz tutmoqda, uni rivojlantirish kerak, takliflaringizni bering, dedi. Takliflarimni oʻrtaga tashladim. Konferensiya boʻldi va meni delegatlar Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi prezidenti etib saylashdi.
Albatta, oldimizda juda katta vazifalar turgandi. Biz ishni, karateni ommalashtirishni bolalar bogʻchasidan, maktab va kollejlardan boshladik. Bugun 140 ga yaqin bogʻchada, 300 ga yaqin maktabda karate toʻgaragi ish boshlagan. Bu yil birinchi marta kollejlarda karate seksiyalari faoliyatini yoʻlga qoʻydik. Ijtimoiy roliklar tayyorladik. Litsenziya berish tartibini yengillashtirdik. Bu karateni ommalashtirishda qoʻl keladigan usul. Jahon va Osiyo federatsiyalari bilan aloqalarni qayta tikladik. 2020 yilgacha boʻlgan katta dastur ishlab chiqdik. Shu asosda 2 yilda karate bilan shugʻullanadigan yoshlarimiz sonini 30 mingga yetkazishni rejalashtirganmiz.
Karate boʻyicha Istanbul primer ligasida 1 kumush medalni, Iordaniyada boʻlgan Osiyo chempionatida 2 bronza medalni, Indoneziyada boʻlib oʻtgan Osiyo oʻyinlarida 1 kumush va 2 bronza medalni qoʻlga kiritdik.
Shu oʻrinda bundan 5-6 oy oldingi vaziyatni yana bir bor eslash oʻrinli. Terma jamoani saralashga kirishganimizda bor yoʻgʻi 100 ga yaqin sportchi bor edi. Birinchi, ikkinchi, uchinchi raqamli sportchilarni topolmadik. Yoʻq. Terma jamoa aslida minglab sportchilar orasidan saralanishi yaxshi natija beradi.
Biz dastlab, federatsiyaning viloyatlardagi masʼullari bilan ishlashni boshladik. Ularni “uygʻotish” harakatidamiz. Ish va natija talab qilayapmiz. Hozirgacha viloyatdagi bironta masʼulimizni “uxlatmadik”. Chunki vazifa koʻp, muammo koʻp. Ularni hal qilish kerak. Bu koʻpchilikka yoqmaydi, albatta. Ular tinchgina ishlab yurgan edi. Toʻyga borsa toʻrga oʻtirib. Bugun uygʻonmasak, islohotlarimizga hamohang yashamasak boʻlmaydi, axir…
Yana bir eʼtiborli jihat. Shu paytgacha feleratsiyada naqd pul bilan ish qilingan. Biz naqd pul aylanish tizimiga barham berdik. Endi hamma jarayon pul oʻtkazish yoʻli bilan boʻladi. Bu ham koʻpchilikka yoqmagani tabiiy.
Rejalar katta. Oʻzbekistonda karate bazasini yaratishimiz kerak. Hozir federatsiyada baza yoʻq. Bolalar maktab, kollejlarning zallarida arenda asosida shugʻullanadi. Terma jamoa esa ijaradagi zallardan foydalanib keladi.
Biz Nurxon Nafasovdan bugungi vaziyat, umuman, Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi haqidagi turli gap-soʻzlarga izoh soʻradik.
– Bugun rasman Oʻzbekiston milliy karate federatsiyasida ishlayapmiz, – deydi N.Nafasov. – Tushundim, siz bilmoqchi boʻlgan maʼlumot bu emas. Endi ochigʻini aytaman.
Toʻgʻri, Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi prezidentligi lavozimi atrofida gap-soʻzlar urchidi. Vaziyat aslida qanday boʻlgan edi?
Federatsiyaning avvalgi prezidenti Aʼlamjon Mullayev koʻrsatmasi bilan Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidenti U.Ahmadjonov nomiga shu yilning 25 sentyabr kuni soxta xat yozilgan. Soxtaligi nimada isbotini topadi? Birinchidan xat Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi ijrochi direktori N.Iminov imzosi bilan yuborilgan.
Federatsiya shtatlar jadvalida esa ijrochi direktor lavozimining oʻzi yoʻq. Ikkinchidan muhr eski, yaʼni Madaniyat va sport vazirligi soʻzlari bilan turibdi. Aslida yangi muhr bizda-ku.
(Bizda Nurxon Nafasov taqdim etgan Milliy olimpiya qoʻmitasiga yoʻllangan soxta xat, viloyat federatsiyalari masʼul shaxslari konferensiyada ishtirok etmagani haqida javob xatlari va boshqa hujjatlar saqlanmoqda)
Xullas shu soxta xatda viloyat federatsiyalaridan oxirgi paytda Oʻzbekiston karate milliy federatsiyasi faoliyati qoniqarli tarzda olib borilmayotgani haqida kelib tushgan arizalarni inobatga olgan holda, 2018 yil 26 sentyabr kuni navbatdan tashqari konferensiyaning nizomga asosan oʻtishini taʼminlab berishda amaliy yordam va konferensiyada Milliy olimpiya qoʻmitasidan vakil ishtirok etishi soʻralgan.
Shu tariqa goʻyoki konferensiya boʻlib oʻtgan va unda Aʼlamjon Mullayev prezident etib saylangan. Bu konferensiyada Milliy Olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Jasur Matchanov ishtirok etgan. Aslida federatsiya nizomiga koʻra, konferensiya oʻtishi uchun asos sifatida sanoq komissiyasi tomonidan kvorium tasdiqlanishi kerak. Ular oʻtkazgan konferensiyada esa bor-yoʻgʻi 3-4 viloyatdan delegat kelgan. Asosan sportchilar kelishgan. Kulgili holat. Sportchilar delegat sifatida ishtirok etishi mumkin emas. Ular sport bilan shugʻullanishi kerak.
Bizning qoʻlimizda 9 viloyatdagi vakillarimizning ushbu konferensiyada qatnashmagani toʻgʻrisidagi bildirgi xatlar bor.
Milliy Olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Jasur Matchanov esa shu konferensiyada ishtirok etish uchun borgan bizning vakillarni ichkariga kiritmagan.
Xullas, konferensiyada toʻrt-beshta sportchi qoʻl koʻtargan. A.Mullayev saylangan. Soʻng qarsak chalingan.
Aslida federatsiyada Rayosat bor. Agar men xato qilgan boʻlsam, ishni boshqara olmagan boʻlsam Prezidium aʼzolari yoki Taftish komissiyasi yigʻilish oʻtkazib, ishdan olishi mumkin. Umuman federatsiyaning konferensiyasini federatsiya prezidenti, Rayosat va Taftish komissiyasi chaqirish huquqiga ega.
Yaqinda Jahon karate federatsiyasi prezidenti Antonio Espionos bu mashmashalardan ranjib Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi prezidentiga xat yoʻllagan. Xatning mazmuni bu kabi ishonchsiz harakatlar Oʻzbekistonda karate sport turini rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgani haqidadir.
Hozir jimjitlik. Bu degani balki soxta federatsiya tan olinganidan daolatmi, men bilmayman. Menga milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi J.Matchanov telefon qilib, konferensiya boʻldi, muhrni berib yuboring, dedi. Hayron boʻldim. Noqonuniy konferensiyani oʻtkazishdan kim manfaatdor oʻzi?
Bu vaziyatga Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasi qanday munosabat bildiradi? Shu savolga javob topish maqsadida Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasiga murojaat qildik.
Ulardan olingan javobni quyida asl holida eʼlon qilmoqdamiz.
Maʼlum boʻlganidek, Nurxon Nafasov va Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasi fikrlari qarama-qarshidir. Ushbu holatga aniqlik kiritish, asl vaziyatga qonuniy izoh berish tegishli tashkilotlar zmmasidagi ish ekanligini inobatga olib qolamiz.
OʻzA