Otalik burchini unutgan shaxslarga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Pop tumani boʻlimi va Maʼmuriy sud bilan hamkorlikda oʻtkazilgan sayyor sud majlisida aliment toʻlovlari bilan bogʻliq ishlar koʻrib chiqildi.
Chust tumanlararo sudining 2009 yil 6 apreldagi ijro varaqasiga asosan fuqaro M.A. dan bir nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun undiruvchi M.Enazarova foydasiga toʻrtdan bir qism miqdorida aliment undirish belgilangan edi. Biroq, oʻtgan davr mobaynida u sud qaroriga, qolaversa otalik burchiga masʼuliyatsizlik bilan qaragani oqibatida mazkur nafaqani toʻlamay kelgan va oqibatda 2018 yil oktyabr oyiga qadar alimentdan qarzdorlik miqdori 31 million soʻmga yetgan.
Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimidan olingan maʼlumotlarga koʻra, M.A Majburiy ijro byurosi tuman boʻlimi davlat ijrochilari tomonidan bir necha bor ogohlantirishga qaramay qarzdor aliment toʻlashdan boʻyin tovlab kelgan. Shunga asosan fuqaroga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, unga maʼmuriy qamoq jazosini qoʻllash yuzasidan tayyorlangan hujjatlarni mazmunan koʻrib chiqish uchun tuman Maʼmuriy sudiga yuborilgan. Aynan 6 noyabr kuni oʻtkazilgan sayyor sudning qaroriga koʻra qarzdor M.A. Oʻzbekiston Respublikasi MJtK 474-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi, Unga 15 kechayu kunduz maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Xuddi, shuningdek, sayyor sud qarori bilan R.V. va E.U. kabi oʻz farzandining moddiy taʼminotiga koʻmaklashishdan boʻyin tovlagan fuqarolarga nisbatan ham shunday jazo chorasi tayinlandi.

 

Akromjon Sattorov, OʻzA