Ravshan Ermatov uchta jahon chempionatida faoliyat yuritgan boʻlsa, Baxtiyor Namozovning “mundiallari” soni ham uchta boʻlgan.
Sobiq hakamimiz, endilikda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyada aynan hakamlar faoliyati boʻyicha mutaxassis sifatida ishlayotgan Baxtiyor Namozov sohil futboli boʻyicha jahon miqyosida tashkillashtiriladigan har qanday nufuzli musobaqani oʻtkazib yubormagani kabi, har ikki yilda oʻtadigan jahon chempionatlarida ham faolligini isbotlab kelmoqda. Tajribali hakamimiz Bagam orollari, Portugaliyada va Taiti davlatlarida oʻtgan jahon chempionatlarida bosh hakam, zaxira hakami hamda vaqt nazoratchisi sifatida ishlab, jahon chempionatlaridagi natijalari bilan Ravshan Ermatov koʻrsatkichini takrorlagan. Baxtiyor hatto jahon chempionati final oʻyinini boshqargan osiyolik hakam sifatida ham qitʼamizda yaxshigina nom orttirgan.
Ayni shu daqiqalarda yurtdoshimiz xizmat safari bilan BAAda boʻlib turibdi va bu yerda oʻtayotgan “Dubai Cup“ Xalqaro musobaqasida ishlamoqda. Hamyurtimiz bugun ushbu musobaqa doirasidagi Braziliya – Ispaniya uchrashuvida bosh hakam sifatida maydonga tushadi.
Turnirda jahon va Yevropa chempioni Rossiya, jahon vitse-chempioni, Konmebol chempioni Braziliya, KONKAKAF chempioni AQSH, Osiyo chempioni Eron, shuningdek, futbolning bu turi boʻyicha dunyoda oʻz oʻrniga ega boʻlgan Ispaniya, Misr, Taiti kabi davlatlar terma jamoalari ishtirok etmoqda.
Suratda: oʻtgan yili Tailand poytaxti Bangkok shahrida Osiyoning eng yaxshilarini aniqlashga bagʻishlangan AFC ANNUAL AWARDS marosimida hamyurtimiz, Plyaj futboli boʻyicha Oʻzbekistondan yagona FIFA referisi Baxtiyor Namozov OFKning maxsus sovrinini qoʻlga kiritgan.
Oybek Yunusov, O’zA