Adliya boʻlimlarining aralashuvi bilan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortildi

Xabaringiz bor, 2019 yilning 1 mayiga qadar mamlakatimizda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasi eʼlon qilindi.
Ushbu aksiya davlatimiz rahbarining 2018 yil 20 apreldagi “Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar hamda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoni asosida oʻtkazilmoqda. Mazkur farmon ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 iyundagi qaroriga asosan barcha tuman va shahar hokimliklari huzurida tegishli komissiyalar tashkil etilib, fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqishning qatʼiy muddatlari belgilandi.
Biroq, ayrim mansabdor shaxslar orasida fuqarolarning ushbu huquqlarini amalga oshirishida sansolarlik, loqaydlik orqali toʻsqinlik qilish holatlari ham uchrab turibdi.
Xususan, Yakkasaroy tumani adliya boʻlimi yuqoridagi komissiya faoliyatini oʻrganib, aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish haqida tuman hokimligiga 2018 yil 5 sentyabrda taqdimnoma hamda mazkur taqdimnoma ijrosi taʼminlanmaganligi uchun 19 sentyabrda ogohnoma kiritilgan.
Biroq, Yakkasaroy tumani hokimi oʻrinbosari, koʻchmas mulkka nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish ishlarini tashkil etish boʻyicha komissiya raisi N.Nasirov adliya boʻlimining qonuniy talablarini bajarmasdan, qoʻllanilgan taʼsir choralariga nisbatan bepisand munosabatda boʻlgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman adliya boʻlimi 2018 yil 18 oktyabrda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma rasmiylashtirib, tuman maʼmuriy sudiga yubordi.
Yakkasaroy tumani maʼmuriy sudining 2018 yil 23 oktyabrdagi qarori bilan tuman hokim oʻrinbosari N.Nasirov Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 198-moddasi bilan maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Bundan oldin, Chilonzor tumani adliya boʻlimi ham bir qator qonunbuzilishi holatlarini aniqlanib, ularni bartaraf etish toʻgʻrisida tuman hokimligiga 2018 yil 5 sentyabrda taqdimnoma kiritgan edi.
Mazkur taqdimnoma tuman hokimligi yigʻilishida muhokama qilinib, tuman hokimining qarori bilan tuman hokimi oʻrinbosari Payanov Bahodir Javliyevich egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

 

OʻzA