El adibi mangu ardoqda

Yozuvchilar uyushmasida Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan adabiy kecha va “Yulduzli tunlar“ nomli fotokoʻrgazma tashkil etildi.
Tadbirda xalqimizning sevimli yozuvchisi Pirimqul Qodirovning boy adabiy merosi – roman, qissa va hikoyalari kitobxonlarning sevimli asarlariga aylangani taʼkidlandi. Mustaqillik yillarida adib ijodida yuksalish pallasi boshlanib, “Ona lochin vidosi“ risolasida, “Til va el“ kitobida isteʼdodining yangi qirralari namoyon etilgani eʼtirof etildi.
Pirimqul Qodirov 1928 yil 25 oktyabrda Tojikiston Respublikasi Shahriston tumanining Kengkoʻl qishlogʻida tugʻilgan. Dastlabki hikoyasi “Studentlar“ 1951 yilda yozilgan. Shundan soʻng yoshlar hayoti haqidagi “Uch ildiz“, mustabid tuzum sharoitida ichki erkini yoʻqotgan, mutelik dardiga giriftor boʻlgan qahramonlar hayoti aks etgan “Qadrim“ va “Erk“ qissalari yozildi. Zamonaviy mavzularga bagʻishlangan shu va boshqa asarlarida Pirimqul Qodirov Ikkinchi jahon urushi yillarida kechgan mashaqqatli hayotiy faktlari hamda shu davr haqidagi taassurot va mushohadalaridan samarali foydalangan. Zamonaviy mavzulardagi “Qora koʻzlar“ va “Olmos kamar“ romanlarida maʼnaviy-axloqiy masalalar bilan birga qishloq hayotida mavjud boʻlgan jiddiy muammolarga jamoatchilik eʼtiborini qaratgan.
Pirimqul Qodirov Abdulla Qodiriy, Oybek, Shayxzoda, Mirkarim Osim anʼanalarini davom ettirib, “Yulduzli tunlar“ romanini yozdi. Yozuvchi bu asarida oʻzbek xalqi tarixining muhim sahifalaridan biri – buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur siymosiga murojaat etib, uning murakkab va mashaqqatli hayot yoʻlini tarixan haqqoniy gavdalantirib berdi. Keyinchalik ushbu asarning davomi – “Avlodlar davoni“ romanini nashr ettirdi.
Paxta yakkahokimligi davrida oʻzbek xalqi boshiga tushgan jabru jafolar oʻzbek adabiyotida ilk bor “Meros“ qissasida oʻz ifodasini topdi. Pirimqul Qodirov shu davrda qissa janrida samarali ijod qilib, bolalar va yoshlar hayotidan olingan “Akramning sarguzashtlari“, “Yayra institutga kirmoqchi“, shuningdek, maʼnaviy-axloqiy masalalarga bagʻishlangan “Najot“ qissalarini ham eʼlon qildi. “Ona lochin nidosi“ romanida oʻn beshinchi asrdagi Movarounnahrning ijtimoiy-madaniy va maʼnaviy hayoti aks ettirilgan.
Tadbirda “Diydor“ teatrida adib asari asosida sahnalashtirilgan “Yulduzli tunlar“ spektakli namoyish etildi.

 

Mohigul Qosimova, OʻzA