Tadbirkorga yoʻl-yoʻriq koʻrsatish lozim

Tadbirkor boʻlish uchun ishni nimadan boshlash kerak? Bu borada kimdan joʻyali maslahat olsa boʻladi? Sohada oʻz omadini sinab koʻrmoqchi boʻlganlarning aksariyati shunday savollarga duch keladi. Kimdir ish boshlashning huquqiy tartibini bilmasa, yana kimgadir boshlangʻich mablagʻ kerak…

Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumani hokimligi binosida tashkil etilgan tadbirkorlarning muammo va takliflarini qabul qilish boʻyicha shtab hududdagi ishbilarmonlarning chinakam hamkoriga aylanmoqda.

Prezidentimizning 2018-yil 11-sentyabrdagi “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ish boshlagan shtabda faoliyat olib borayotgan ishchi guruhlar tarkibiga kirgan hokimlikning investitsiya, iqtisodiyot boʻlimlari, tuman gaz, suv va elektr taʼminoti korxonalari, yer va kadastr, arxitektura va qurilish, bir qator tijorat banklari xodimlari asosiy ish joyi boʻyicha majburiyatlarini bajarishdan ozod qilingan.

Ularning soʻrovlari, koʻrsatmalari barcha davlat idoralari va tashkilotlari rahbarlari va mansabdor shaxslari tomonidan soʻzsiz ijro etilishi majburiy hisoblanadi. Ushbu shtabning tashkil etilganiga koʻp boʻlmagan boʻlsa-da, tumanda guruh tomonidan joylarda hal qilinmagan muammoli masalalarni koʻrib chiqish hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga, tashabbus va loyihalarni amalga oshirishga gʻov boʻlayotgan byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, bu borada qabul qilingan, jumladan, manzilli topshiriqlar nazarda tutilgan qarorlar ijrosi ustidan tizimli nazorat amalga oshirilmoqda.

– Hozirgacha shtabga tadbirkorlardan 41 murojaat kelib tushdi, – deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi, shtab aʼzosi Ulugʻbek Rajabov. – Ularning 38 tasi shu yerning oʻzida hal etilgan boʻlsa, uchta murojaat viloyat shtabidagi ishchi guruhga yoʻnaltirildi. Murojaatlarning aksariyati bank, kredit, garov taʼminoti, boʻsh turgan binoni “nol” qiymatda olish, auksion savdolarida ishtirok etish va yer ajratilishi masalalariga oid.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, hududiy guruhlar boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va yer uchastkalarining ularda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha majburiyatlarni koʻrsatgan holda, elektron auksion savdolariga qoʻyilishini taʼminlamoqda.

 

Ahmadjon Shokirov, OʻzA