Toshkentda mobil aloqaning yangi standarti namoyish etildi

Poytaxtimizda oʻtkazilayotgan “MobiCon 2018” xalqaro mobil anjumanida mobil aloqaning beshinchi avlod texnologiyasi – 5G namoyish etildi.

“MobiCon 2018” xalqaro mobil anjumani Toshkentda uchinchi bor oʻtkazilmoqda. Joriy yilgi anjumanda olti mamlakatdan 20 dan ortiq mutaxassis aloqa va telekommunikatsiya sohasidagi maʼruza va taqdimotlari bilan ishtirok etdi.

Anjuman doirasida oʻtgan munozaralar davomida Oʻzbekiston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Rossiyaning axborot texnologiyalari sohasidagi yirik kompaniyalari vakillari, mobil operatorlari va mashhur blogerlari oʻz ishlanmalari, marketing loyihalarini taqdim etdi hamda reklama va internet tarmogʻida mahsulotlarni sotish boʻyicha tajriba almashdi. Maxsus stendlarda dunyoga mashhur brendlarning mobil telefon va gadjetlari, planshetlarining soʻnggi modellari namoyish etildi.

“MobiCon 2018” dasturi doirasida mamlakatimiz uchun hali yangi boʻlgan 5G texnologiya namoyishi boʻlib oʻtdi. Beshinchi avlod aloqa tarmogʻini kengaytirish standartlari hali ishlab chiqilmagan boʻlsa-da, bugungi kunda dunyoning turli burchaklarida koʻpgina mobil aloqa operatorlari uning ayrim elementlarini sinovdan oʻtkazmoqda.

Yangi aloqa texnologiyalari yuqori darajadagi oʻtkazuvchanlik qobiliyatiga ega boʻlib, bu keng polosali mobil aloqadan foydalanish darajasini oshirish va “device to device” (moslama moslama bilan) rejimini qoʻllash imkonini beradi. Uning negizida moslamalar oʻrtasida oʻta mustahkam keng miqyosli kommunikatsiya tizimlarini yaratish mumkin. Ushbu texnologiyaning yana bir afzalligi mobil operatorlari va mobil telefon foydalanuvchilari uchun qulay boʻlgan energiya samaradorligidadir.

– Anjumanda biz mobil aloqaning beshinchi avlodi imkoniyatlari hamda ishonchli texnologiyalarni namoyish etdik, – deydi “Beeline Uzbekistan” kompaniyasining bosh direktori Dmitriy Shukov. – Umid qilamanki, bir necha yil ichida Oʻzbekistonda 5G tarmoqlarini kengaytirishga kirishamiz. Ularning joriy etilishi mamlakat telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirishga salmoqli taʼsir koʻrsatadi. 5G texnologiyalari ilgari bir-biriga toʻgʻri kelmagan moslama va texnologiyalarni birlashtirish imkonini beradi. Golografik qoʻngʻiroqlar shular jumlasidandir.

“MobiCon 2018” xalqaro mobil anjumani yakunlandi, biroq uning natijalari mahalliy IT-industriyasi vakillari tomonidan hali uzoq vaqt muhokama qilinadi.

 

Roman Bondarchuk, OʻzA