Oʻzbekistonlik yosh kinoijodkorlar AQSHda tahsil olishi mumkin

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekkino Milliy agentligi delegatsiyasi aʼzolari kinorejissyor Jahongir Ahmedov, kinoprodyuser Zafar Yuldoshev, kinooperator Jahongir Ibragimov va agentlikning xalqaro aloqalarni rivojlantirish xizmati rahbari Gʻolib Neʼmatov amerikalik kinoijodkorlar bilan samarali hamkorlik oʻrnatish maqsadida AQSHda boʻlib turibdi.
Delegatsiya “New York film academy”da boʻlib, oʻquv jarayoni va talabalarning ijodiy ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur taʼlim dargohi 1992 yilda tashkil etilgan. Bu yerda talabalarga kinomatografiya sohasining muhim yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim beradi. Oliygoh oʻquv jarayoni 3 yillik bakalavr bosqichidan iborat. Talabalarning erishgan natijalari va xohishini inobatga olib, bir yarim yillik magistratura bosqichida yana oʻqishni davom ettirish mumkin.
Shuningdek, akademiyada 1 va 8 haftalik qisqa muddatli malaka oshirish kurslari ham mavjud. Oʻquv jarayoni aktyorlik mahorati, kinoprodyuserlik, kinooperatorlik va animatsiya yoʻnalishlarini oʻz ichiga oladi. Taʼlim olish samaradorligini taʼminlash maqsadida har bir oʻquv sinfi 12 talabadan iborat boʻladi. Talabalar eng zamonaviy kino suratga olish uskunalari va yotoqxona bilan taʼminlanadi. Ushbu oliygohda tahsil olish istagida boʻlgan xorijlik talabalar ingliz tilini qay darajada bilishi yuzasidan maxsus test imtihonlaridan oʻtishi zarur boʻladi.
Kelajakda Oʻzbekistonlik yosh kinoijodkorlar bu yerda tahsil olishi, malaka oshirishi bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

 

OʻzA