2018 yil 11 aprelda OʻzA veb-saytida “Fashistlar 101 nafar oʻzbekni Amersfort doʻzaxi azobiga mahkum qilgan” sarlavhali material eʼlon qilingan edi.
Unda gollandiyalik tadqiqotchi jurnalist Remko Reyding Gollandiyaning Amersfort shaharchasi yaqinidagi qabristonda Ikkinchi jahon urushi yillarida asirga olingan va fashizmning vahshiyona qiynoqlari qurboni boʻlgan 865 nafar sobiq Ittifoq jangchilari dafn etilgani, ularning 101 nafari Samarqand viloyatidan safarbar qilingan oʻzbeklar ekanini aniqlagani haqida yozilgan edi.
Shundan soʻng mazkur qabriston va bu maskan bilan bogʻliq maʼlumotlar oʻrganildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 24 iyuldagi “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida esa “101” loyihasini amalga oshirib, film yaratish vazifasi belgilandi.
Yaqinda gollandiyalik tadqiqotchi Remko Reyding Samarqandga kelib, viloyat arxiv idoralari xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashdi va 101 nafar jangchi haqida maʼlumot toʻplash yuzasidan fikrlashib oldi.
–18-34 yosh oraligʻida boʻlgan bu oʻzbek askarlari 1941 yilning 10 iyulida Smolensk yaqinida asir olingan, – deydi R.Reyding. – 27 sentyabrda Gollandiyaga, Amersfortga keltirilgan. Ular 1942 yil 9 aprel tongida konslager yaqinidagi oʻrmonga olib chiqib, otib tashlangan. 101 nafar oʻzbek yigiti oʻzining mardligi va jasorati bilan gollandiyaliklar qalbidan joy olganki, hozirgacha Amersfort shahri yaqinidagi oʻrmonda har bahor yuzlab gollandlar toʻplanishadi, 9 aprel – tong sahar oʻrmonda 101 ta sham yoqishadi. Hozirda bu askarlar qatl etilgan oʻsha joyda maxsus yodgorlik – “Monument Koedriest” oʻrnatilgan.
Tadbir davomida kino yaratishdan avval askarlarning ayrimlari haqida Samarqand viloyatidagi arxiv idoralaridan maʼlumotlar olish, filmda imkon qadar hayotiy epizodlarni aks ettirish boʻyicha fikrlar bildirildi.
Gʻolib Hasanov, OʻzA