Buxoro – Qorovulbozor avtomagistralining Kogon tumani hududidan oʻtuvchi qismi. Yoʻlning ikki cheti boʻylab turli oraliqlarda oʻrnatilgan 5 konteyner-quti haydovchilar eʼtiborinitortmoqda.
Chiqindi tashlashga moʻljallangan bu konteynerlar shu hududda faoliyat olib borayotgan “KNAUF GIPS BUXORO” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona tomonidan oʻrnatildi.
Konteynerlarga xabardorlik va xavfsizlikni taʼminlaydigan yorugʻlik qaytaruvchi yorliqlar yopishtirilgan. Har bir konstruksiyagacha boʻlgan 100 metr masofada yoʻl koʻrsatkich, yaʼni chiqindilarni qutiga tashlash lozimligini eslatuvchi iltimosnoma oʻrnatilgan.
Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi xorijiy korxona buyurtmasiga asosan tayyorlangan mazkur konteynerlar tashqi koʻrinishi, dizayni bilan kishi eʼtiborini tortadi. Chiqindi turiga qarab uch qismga ajratilgan ushbu metall qutilar beton poydevorga mahkamlangan.
Jamiyatda farovonlik oshishi bilan isteʼmol koʻlami ham ortadi. Tashlangan va qayta ishlanmagan chiqindilar tuproq, suv va oʻsimlikni zaharlagan holda katta yer maydonlarini chiqindixonaga aylantiradi. Afsuski, aksariyat chiqindilar oʻz-oʻzidan deyarli parchalanmaydi. Yoqib yuborilganida esa, havoga zararli gaz chiqadi. Chiqindilarning saralangani atrof-muhitni muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, chiqindilar mato, qogʻoz va shisha ishlab chiqarishda ikkilamchi xomashyo hisoblanadi. Demak, tabiiy resurslar tejaladi. Shu kabi holatlar inobatga olinib, yuqorida tilga olingan funksionalqutilardagi chiqindilar turib qolmaydi. Ular shartnoma asosida xizmat koʻrsatuvchi “Aholi Trans” MCHJ tomonidan qayta ishlash korxonasiga yetkazib beriladi.
Aslida, bu ekologik loyiha haqida kichik bir xabarda ham maʼlum qilish mumkin edi. Lekin bu kabi loyihalarning joylarda targʻib qilinishi muhim ahamiyatga ega. Har biri 4 million soʻmlik mazkur chiqindi konteynerlarini oʻrnatishdan oldin obodonlik hashari ham oʻtkazilgani eʼtiborga molik. Tadbir davomida korxona hududiga tutash magistral boʻylari turli chiqindilardan tozalandi.