Armaniston poytaxti Yerevanda MDHga aʼzo davlatlar mudofaa vazirlari kengashi huzuridagi Harbiy taʼlim masalalari boʻyicha muvofiqlashtirish qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga koʻra, yigʻilish davomida MDHga aʼzo mamlakatlar oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari oʻrtasida oʻtkazilgan IV xalqaro olimpiadada erishilgan natijalar, yuqori oʻrinlarni band etgan jamoalar tajribalari va kelgusidagi vazifalar muhokama qilingan.
Eslatib oʻtamiz, harbiy taʼlim sohasidagi xalqaro harbiy hamkorlik doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari 2018-yilda ilk bor kursantlar oʻrtasidagi xalqaro olimpiadaning 5 ta fan yoʻnalishi boʻyicha final bosqichida ishtirok etib, uchta uchinchi va bitta ikkinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritdi.
Kursantlar oʻrtasida xalqaro olimpiadani oʻtkazishdan maqsad – MDH davlatlarining armiyalari oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlik munosabatlarini yanada mustahkamlashdan iborat.
– Oʻzbekiston vakillari mazkur xalqaro olimpiadada birinchi bor ishtirok etgan boʻlishiga qaramay, yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritdi. Biz bundan mamnunmiz. Bu mamlakatingizda taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar samarasidir, – dedi Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi kadrlar bosh boshqarmasi boshligʻi, general-polkovnik Viktor Goremikin.
Yerevanda oʻtkazilgan ushbu yigʻilishda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi nomidan harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Shermuhammad Saidahmadov ishtirok etdi. U Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurti (hozirda Qurolli Kuchlar akademiyasi)ning 100 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali tadbir haqida yigʻilganlarga hisobot materialini oʻqib eshittirdi. Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtining yubiley sanasiga bagʻishlab yaratilgan videorolik yigʻilish ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.
Qoʻmita ishida keyingi yilda MDHga aʼzo mamlakatlarning kursantlari oʻrtasidagi navbatdagi olimpiadalar rejasi imzolandi.
Oʻzbekiston kursantlari 2019-yilgi olimpiadada chet tili, matematika, informatika va harbiy-professional tayyorgarlik boʻyicha ishtirok etishi rejalashtirilmoqda. Ushbu nufuzli tanlovlarga tayyorgarlik boshlangan.
Oliy oʻquv yurtlari kursantlari oʻrtasidagi xalqaro olimpiada MDHga aʼzo mamlakatlarning Mudofaa vazirlari kengashining 2016-yil 30-noyabrdagi nizomiga muvofiq oʻtkazib kelinadi.
Z.Jonibekov, OʻzA