Nukusda 1 oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tadbir boʻlib oʻtdi.
Mamlakatimizda taʼlim sohasini rivojlantirish, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta oʻzlashtirgan malakali mutaxassislar tayyorlashga qoʻshgan munosib hissasi, erkin fikrlaydigan, iqtidorli, sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash, ularni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdagi katta xizmatlari uchun bir guruh ustoz va murabbiylar Oʻzbekiston Respublikasi faxriy unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangan edi. Tadbirda soha fidoyilariga ana shu faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.
– Taʼlim tizimida katta oʻzgarish va yangiliklar yuz bermoqda, –deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri A.Ayapov. – Investitsiya dasturi doirasida hududda 22 taʼlim muassasasida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi. Shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari boʻyicha 32 taʼlim muassasasida rekonstruksiya va kapital taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.
Yangi oʻquv yili oliy taʼlim muassasalari uchun ham muvaffaqiyatli boshlandi. Qoraqalpoq davlat universitetidan ikki talaba Prezident stipendiyasiga sazovor boʻlgan boʻlsa, Nukus davlat pedagogika instituti professori O.Aleuov “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
Tadbirda taniqli sanʼatkorlar va yosh ijrochilar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA