FUTBOL: “Paxtakor” va AGMK - Oʻzbekiston Kubogi finalchilari

Bir kun avval “Paxtakor”, kecha esa AGMK jamoasi raqiblarini magʻlub etib, Oʻzbekiston Kubogining final yoʻllanmalarini qoʻlga kiritishdi.
Muxlislarni ayniqsa Qoʻqondagi uchrashuv koʻp jihatdan qiziqtirayotgan edi. Mamlakat chempionati PЕpsi Superligasining kuchli oltiligiga kirishga zoʻr berib intilgan, oxir-oqibat soʻnggi daqiqalarda bunday baxtdan mosuvo boʻlgan qoʻqonliklar bor eʼtiborni Kubok oʻyinlariga qaratishdi. Sababi, oʻzbek futboli vatani vakillari Osiyo Chempionlar ligasiga chiqishni, Qoʻqonga chinakam katta futbol havosini taqdim etishlarini maqsad qilishgandi. Chempionatda buning uddasidan chiqish sarobga oliy maqsadlarga faqat Kubok oʻyinlari natijasi eltishiga umid qilishdi. Xuddi shunday vaziyat “Paxtakor”da ham bor edi. Faqat bitta maqsadi – chempionlik uchun kurashayotgan “sherlar”ning ayni paytdagi ahvoli yuz foizga kafolat bermayapti. Bu yoʻlda ularga “Lokomotiv” va “Navbahor” jamoalari “xalaqit” berishyapti. Demak, har ehtimolga qarshi Kubokni ham qoʻlga kiritib qoʻya qolgan yaxshi.
Qoʻqondagi oʻyin har tomonlama shiddatli oʻtganligiga hamma guvoh boʻldi. Lekin shu kun mezbonlarga atalmagan ekan. Birinchi daqiqadayoq mehmonlar tomonidan kiritilgan toʻp koʻp narsani oldindan belgilab qoʻygandek boʻldi. Toʻgʻri, koʻp oʻtmay mezbonlar ham penaltidan hisobni tenglashtirishdi, lekin qolganiga ularning kuchlari yetmadi. “Paxtakor” safarda yirik hisob qayd etdi va finalga yuqori ruhiy kayfiyat bilan yoʻl oldi.
Ikkinchi yarim final juftligining natijasi sakson foizga oldindan bashorat qilib boʻlingandi – koʻpchilik foizdagi muxlislar gʻalabani “Bunyodkor”ga taqdim etganligi sir emas. Ammo kecha Mirjalol Qosimov shogirdlarining omadi yurishmadi. Gap omadda ham emas aslida, gap mehnatda, intilishda va albatta, shijoatda. Bularning bariga olmaliqliklar sazovor boʻlishdi.
Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida “qaldirgʻochlar” ustozi Mirjalol Qosimov mavjud qiyinchiliklarga qaramay shogirdlari mardonavor toʻp surishayotganligini, futbolda har narsa yuz berishi mumkinligini taʼkidlab, raqiblariga keyingi oʻyinlarda omad tilab qoʻya qoldi. AGMK bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov xursandchiligining esa cheki yoʻq edi. Sababi, u murabbiylik faoliyati davomida birinchi marta Kubok finaliga yetib kelganligini, shogirdlarining aksariyati ham avval bu kabi yuqoriroq marralarga yetib bormaganligini aytib, “ishtaha ovqat mahal kelishini”, finalda ham faqat gʻalaba uchun kurashishini vaʼda qildi…
Oʻzbekiston Kubogi. Yarim final
27-sentabr
“QOʻQON-1912” – “PAXTAKOR” – 2:5
Hakamlar: Sherzod Qosimov, Timur Galeyev, Aleksandr Sidorov, Viktor Serazetdinov.
“Qoʻqon-1912”: Oʻtkir Yusupov, Gʻiyos Komilov (Nosir Otaqoʻziyev, 46), Javohir Siddiqov, Firdavs Asadov (Bahodir Akramov, 70), Oybek Rustamov, Quvondiq Roʻziyev (Behruz Saʼdillayev, 70), Murod Xolmuhammedov, Aleksandr Merzlyakov, Marko Milich, Iqbol Malikjonov (Suhrob Berdiyev, 46), Muhammadanas Hasanov (Darko Gojkovich, 58)
“Paxtakor”: Eldor Suyunov, Akmal Shorahmedov, Sherzod Aʼzamov, Azim Ahmedov (Vladimir Kozak, 71), Dilshod Rahmatullayev (Jamshid Iskanderov, 80), Jaloliddin Masharipov (Jasur Yaxshiboyev, 80), Ismoil Gonsalvesh, Yegor Krimes,Farrux Sayfiyev, Dragan Cheran (Bahrom Abdurahimov, 82), Tiago Bezerra (Igor Sergeyev, 78).
Gollar: Murod Xolmuhammedov ( 6-pen.), Suhrob Berdiyev ( 90+1) – Tiago Bezerra (1, 77), Dilshod Rahmatullayev (21), Ismoil Gonsalvesh (45+1), Jaloliddin Masharipov (66).
Ogohlantirish: Suhrob Berdiyev (90+1).
Nazoratchi – Rashid Aytekov.
Komissar – Jahongir Rahmatullayev.
28-sentabr.
“BUNYODKOR“ – AGMK – 1:2
Hakamlar: Aziz Asimov, Timur Gaynullin, Sanjar Shoyusupov, Sultonmurod Abduraxmonov.
“Bunyodkor“: Suhrobjon Sultonov, Rustamjon Ashurmatov, Akramjon Komilov, Dilshod Joʻrayev, Javlon Ibrohimov (Abdulla Abdullayev, 90+3), Murodjon Toshmatov, Sardor Sobirxoʻjayev, Mirgʻiyos Sulaymonov (Dilshod Ahmadaliyev, 46), Xurshid Gʻiyosov (Farrux Ikromov, 79), Mirjamol Qosimov ( Shahzodbek Nurmatov, 62), Filip Rayevas (Mirjahon Mirahmadov, )
 
AGMK: Roman Abdulov, Abduqahhor Hojiakbarov, Azamat Isroilov (Alisher Samatov, 90+5), Zafar Polvonov (Milosh Trifunovich, 68), Jasur Hasanov (Javlon Guseynov, 83), Lutfullo Toʻrayev, Zohir Pirimov (Jamshid Hasanov, 76), Vladimir Bubanya, Vladislav Kasminin, Yovan Jokich, Oybek Qilichev (Muzaffar Muzaffarov, 57).
Gollar: Murodjon Toshmatov (81) – Muzaffar Muzaffarov (56), Zafar Polvonov (64).
Ogohlantirishlar: Oybek Qilichev (26), Azamat Isroilov ( 90+4).
Nazoratchi – Dmitriy Roman.
Komissar- Bahodir Mirzayev.
Shu tariqa 28-oktabr, yakshanba kuni Fargʻonaning “Istiqlol” stadionida tashkil etiladigan Oʻzbekiston Kubogining finalida “Paxtakor” va AGMK jamoalari oʻzaro kuch sinashadi.

 

Oybek Yunusov, O’zA