Parijda “TOP RESA-2018” faoliyatiga start berildi. Dunyodagi eng nufuzli va eng koʻp mehmon tashrif buyuruvchi turistik koʻrgazmalardan biri – “TOP RESA-2018” turizmning barcha yoʻnalishlari, biznes-safarlar va event-sanoatlarini oʻz ichiga qamrab olgan.
Koʻrgazma yangiliklardan xabardor boʻlish va fikr almashishni istovchi turistik byurolar, tashuvchilar, mehmonxona biznesi vakillari, turistik agentliklar va turoperatorlarni bir joyga toʻpladi.
Fransiya poytaxtida Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi (MAK) tomonidan tashkil qilingan yagona milliy stend ostida namoyish etildi. Ekspozitsiyada Qoʻmita va MAK vakillaridan tashqari, shuningdek “Oʻzbekiston temir yoʻllari” hamda mamlakatimizning turistik kompaniyalari vakillari ham qatnashishmoqda.
Milliy stendda Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz, Termizning diqqatga sazovor maskanlari va Oʻzbekistonning boshqa turistik yoʻnalishlariga oid qoʻllanmalar, videomateriallar, risolalar, xalq-amaliy sanʼati namunalari, yoʻlkoʻrsatuvchilar va axborot materiallari taqdim etilgan.
Oʻzbekistonning turli mintaqalari turkompaniyalarining bir koʻrgazma maydonida joylashishi xorijiy turoperatorlarga Oʻzbekistonning turistik bozori, mamlakatdagi mehmonxona va transport infratuzilmalarihaqida toʻliq tasavvurga ega boʻlish imkonini beradi. Oʻzbekiston ushbu tadbirda 2012 yildan beri ishtirok etib keladi.
Tadbir davomida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vakillarining Fransiya tomon bilan biznes-uchrashuvlari rejalashtirilgan, uchrashuv jarayonida ikki tomonlama hamkorlikka doir yangi hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.