Dehlida Oʻzbekiston – Hindiston biznes forumi boshlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi arafasida Dehlida Oʻzbekiston – Hindiston biznes forumi boʻlib oʻtmoqda. 
Mamlakatimiz vazirlik va idoralari, yirik tashkilotlari va ishbilarmon doiralaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasidan 200 ga yaqin vakillar ishtirok etmoqda. Biznes forum yakunida iqtisodiyotning muhim sohalarida qator shartnomalar imzolanishi kutilmoqda. Shuningdek, ikki mamlakat biznes doiralarining hamkorligi uchun samarali maydon boʻladigan Oʻzbekiston-Hindiston ishbilarmonlik kengashini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Biznes forum doirasida Made in Uzbekistan koʻrgazmasi ochiladi.
Shu kunlarda Dehlida madaniy-gumanitar va akademik sohalarga oid tadbirlar, investitsiya taqdimotlari va biznes forumlar oʻtkazilayotganligini taʼkidlash lozim.
Xususan, “Hindiston – Oʻzbekiston: madaniyatlar muloqoti” qoʻshma koʻrgazmasi Hindiston milliy muzeyida ochilgan boʻlib, bir oy davom etadi. Shuningdek, Dehli, Noida va boshqa shaharlarda Oʻzbek madaniyati kunlari, Oʻzbek kinosi kunlari oʻtkazildi. Hindistonning uchta yetakchi tadqiqot markazlarida senatorlar, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston tadqiqot institutlari vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirokida davra suhbatlari oʻtkazildi.

 

OʻzA