Notarius va advokatlarning xizmat koʻrsatish sifati oshadi

Adliya vazirligi tomonidan ishlab “Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar koʻrsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun senatorlar tomnidan maʼqullandi.
Qonunni ishlab chiqishga aholiga koʻrsatilayotgan notarial xizmatlarning sifati va tezkorligining talab darajasida emasligi sabab boʻldi. Shuningdek, advokatura hanuzgacha odamlar ishonchini qozongan huquqni himoya qiluvchi institutga aylana olmagan. Advokatlarning huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarishga toʻsqinlik qilayotgan va ular tomonidan sifatli yuridik yordam koʻrsatilishiga xalal berayotgan omillar yoʻq emas.
Qonun bilan 11 ta qonun hujjatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Jumladan, 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibini oʻrnatish orqali koʻchmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabini bekor qilinadi.
Notarial harakatlardagi imzolar soxta ekanligi haqida sudlarga koʻplab daʼvolar kiritilayotganligini inobatga olib, notarial harakatlarni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxslarning shaxsini aniqlash va notarial harakatlar bajarganligini tasdiqlashda ularning barmoq izlarini skaner qilish joriy etilmoqda.
Vasiyatnomalarni va ayrim turdagi bitim, ariza va boshqa hujjatlarni imzolash jarayoni majburiy audio va video qayd etiladi.
Notarius lavozimiga nomzodlarning stajirovka oʻtash muddatini ikki yildan bir yilga qisqartiriladi. Shuningdek, notarius lavozimiga nomzodlar uchun sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoxud notarial faoliyatga rahbarlik va nazorat qiluvchi lavozimlarda kamida uch yil ishlagan shaxslarga majburiy stajirovka oʻtash boʻyicha talab bekor qilinmoqda.
Yuridik shaxs notariusga ixtiyoriy murojaat etganda uning kollegial organining qarori qabul qilinganligi fakti notarial tasdiqlanadigan boʻldi. Notariuslarni attestatsiyadan oʻtkazish va almashtirish (rotatsiya qilish) tartibi belgilandi.
Advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani olish uchun advokatlik tuzilmasida majburiy stajirovka oʻtash muddati olti oydan uch oygacha qisqartirildi. Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlari va sudya, tergovchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil faoliyat yuritgan shaxslar majburiy stajirovka oʻtashdan ozod qilinmoqda. Advokat maqomini olish boʻyicha malaka imtihonini takroran topshirish muddati bir yildan olti oygacha qisqartirilmoqda.
Advokatlarning hakamlik sudyasi sifatida ishtirok etishi, shuningdek nizolarni sudgacha hal qilish va taraflarni yarashtirishga qaratilgan huquqlari kengaytirildi. Advokatlar palatasi raisiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qonun loyihalarini muhokama qilish boʻyicha majlislarida ishtirok etish va ularga doir fikr bildirish huquqi berildi.
Advokatlik byurosini taʼsis etgan advokatlarning oʻz faoliyatini mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda oʻziga tegishli boʻlgan turar-joylarda ushbu turar-joylarni noturar joy toifasiga oʻtkazmasdan amalga oshirish huquqi berildi.
Advokat soʻrovini koʻrib chiqish tartibi va muddatlari belgilandi. Advokat soʻrovini bajarilish tartibini buzgan mansabdor shaxslar advokatning toʻgʻridan-toʻgʻri sudga murojaati asosida maʼmuriy javobgarlikka tortiladigan boʻldi.
Advokatga nisbatan intizomiy choralar qoʻllash muddatlari aniq belgilandi. Advokat litsenziyasi Oliy malaka komissiyasi xulosasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining murojaati boʻyicha faqat sud tartibida tugatiladi. Advokatlarga nisbatan intizomiy ishni faqat tegishli malaka komissiyasi yoki Oliy malaka komissiyasi qarori bilan qoʻzgʻatiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, qonun notariatning faol modeliga oʻtish, uning nizolarning oldini oluvchi institut sifatida yanada rivojlanishiga, advokatlar huquqlarining toʻliq roʻyobga chiqarilishiga toʻsiq boʻlayotgan byurokratik omillarni bartaraf etishga, advokatlar huquqlarini kengaytirishga
xizmat qiladi. Sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish kengaytirilishi yuridik yordam va huquqiy xizmatlar koʻrsatish sifati va tezkorligi yanada oshishini taʼminlaydi.
Sevara Oʻrinboyeva,
Adliya vazirligi masʼul xodimi

 

O’zA