2018-yilning 18-19 sentyabr kunlari Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) statistika qoʻmitasi va Armaniston Respublikasi statistika qoʻmitasi hamkorligida Yerevan shahrida MDHga aʼzo davlatlarning statistika tashkilotlari rahbarlari Kengashining 59-yigʻilishi hamda qishloq xoʻjaligi statistikasi masalalari boʻyicha majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda shuningdek, qishloq xoʻjaligi statistikasida amalga oshirilayotgan ishlarning joriy holati va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tadbirlarda Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Oʻzbekiston statistika tashkilotlari hamda MDH statistika qoʻmitasining rahbarlari, shuningdek, qishloq xoʻjaligi statistikasiga masʼul oʻrinbosarlar, MDH ijroiya qoʻmitasi vakillari ishtirok etishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasidan rais oʻrinbosari A.Ikramov, Qishloq xoʻjaligi va ekologiya statistikasi boshqarmasi boshligʻi Sh.Gʻulomov ishtirok etdilar.
MDHga aʼzo davlatlar statistika tashkilotlarining qishloq xoʻjaligi statistikasi masalalari boʻyicha majlisi doirasida tomonlar MDHga aʼzo davlatlarda qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazishning eng muhim jihatlari, qishloq xoʻjaligi uchun ishlab chiqarish hisobi koʻrsatkichlarini ishlab chiqish, shuningdek, qishloq xoʻjaligi statistikasini tashkil etish masalalari yuzasidan tajriba almashdilar.