Oʻzbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan “Elektron akademiya” yangi taʼlim portali – e-academy.uz yaratildi. Ushbu portal mamlakatimizda masofaviy taʼlim tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Yangi veb-manba maʼruzalarni joylashtirishning intuitiv mexanizmiga asoslangan. Boshqa taʼlim shaklida boʻlgani kabi unda ham oʻtilgan materialni tekshirish va mustahkamlash tartibi ishlab chiqilgan. Xususan, foydalanuvchilar oʻtilgan maʼruzaning eng asosiy jihatlari boʻyicha test sinovlaridan oʻtishi mumkin.
Eng muhimi, yangi taʼlim berish usuli mutlaqo bepul. Foydalanuvchilar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida avtorizatsiya mexanizmi joriy etilgan. U maʼruzachilarga maʼruzalar tuzish, tinglovchilarga esa, oʻzlari yoqtirgan oʻqituvchining yangi darslarini topish imkonini beradi. Yana bir qulaylik – elektron sinov daftarchasi boʻlib, uning yordamida taʼlim oluvchilar oʻzlashtirish darajalarini muntazam kuzatib borishlari mumkin.
Oliy taʼlim muassasalari e-acadamy.uz elektron portali xizmatlaridan samarali foydalanishlari mumkin. Bu qimmat narxdagi uskunalar va xosting xarid qilish, tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda shaxsiy taʼlim platformalarini yaratishdan afzalroqdir.
Bugungi kunda mazkur veb-manbada beshta taʼlim yoʻnalishlari taqdim etilgan.