Tunisda qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha o‘tayotgan Gran-pri turnirining birinchi kunida ayollar o‘rtasidagi dastlabki saralash bahslari tashkil etildi.
Murosasiz bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Fernanda Errera va Gulistan Perdibayeva raqiblarini dog‘da qoldirgan holda 1/32 final bosqichida kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.
Ahamiyatlisi, qur’a natijasiga ko‘ra, har ikki sportchimiz ushbu bosqichda ro‘baro‘ keladi. Shuningdek, mazkur nuqtadan medallar uchun kurashga kirishadigan Zaynab Dayibekova hongkonglik Sammer Sit bilan ishtirokini boshlaydi.
Erkaklar o‘rtasida tashkil etiladigan dastlabki kvalifikatsiya bosqichida hamyurtlarimiz Sardor Abdukarimbekov, Musa Aymuratov, Islambek Abdazov, Alpamis Urakbayev hamda Zuhriddin Qodirov jang olib borishadi.
Ertaga, 12 yanvar kuni Gran-pri turnirining barcha yo‘nalishlarida g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA