Toshkentda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning axborot sohasi vazirlari va yuqori martabali mansabdor shaxslarining 6-yig‘ilishi, Media va axborot bo‘yicha ishchi guruhning 11-yig‘ilishi hamda Turkiy davlatlar tashkiloti media forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirlar bugun “International Hotel Tashkent”da Media va axborot bo‘yicha ishchi guruhning 11-yig‘ilishi bilan boshlandi, deb xabar qilmoqda AOKA axborot xizmati.
Yig‘ilishda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov axborot sohasidagi xalqaro hamkorlik masalalari xususida so‘z yuritdi.
Ishchi guruh yig‘ilishida TDTga a’zo davlatlarning axborot sohasi vazirlari va yuqori martabali mansabdor shaxslarining 6-yig‘ilishining Toshkent bayonoti loyihasi ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari “2024-2025 yillarga mo‘ljallangan Turkiy davlatlar tashkilotining axborot sohasidagi harakatlar rejasi“ni ishlab chiqish bo‘yicha taklif va mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, Turkiya teleradioeshittirishni tartibga soluvchi organlar forumini tashkil etish borasidagi taklif muhokama qilindi.
Yig‘ilishda “Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar translyatsiyasi to‘g‘risida“gi bitimni imzolash masalasi ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida Media va axborot sohasi vazirlari va yuqori martabali mansabdor shaxslarining 7-yig‘ilishi hamda Turkiy davlatlar tashkiloti Media va axborot bo‘yicha ishchi guruhining 12-yig‘ilishini o‘tkazish joyi va sanasini belgilash yuzasidan fikrlar bildirildi.
N.Usmonova,
O‘zA