Poytaxtimizda Biznes-ombudsman tomonidan BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamkorligida “Biznes amaliyotida va davlat tomonidan biznes faoliyatini tekshirish jarayonlarida korrupsiya xavflarini kamaytirish” mavzusida navbatdagi xalqaro biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Biznes huquqlarini himoya qilish samaradorligini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish tizimini isloh qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan tadbirda xorijiy Biznes-ombudsmanlar, vazirlik va idoralar, nazorat organlari, tadbirkorlik sub’ektlari, xalqaro va xorijiy tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlarining 100 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Ma’lumki, qonunchilikdagi o‘zgarishlar va rag‘batlantiruvchi imtiyozlar hamda preferensiyalarni o‘z ichiga olgan kompleks yondashuv mamlakatimizga barqaror iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush darajasini oshirish imkonini bermoqda.

Halol biznes yuritish tamoyillarini ilgari surishda bir qator muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Jumladan, 2024 yil boshida tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingi joriy etildi. Bu reyting qonunchilik talablariga rioya qilgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini aniqlash va qo‘shimcha rag‘batlantirishni nazarda tutadi.

Uch yildirki, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektorning shaffof va ochiq faoliyat yuritishini ta’minlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun forum o‘tkazilmoqda.

2021 yilda o‘tkazilgan birinchi forum O‘zbekiston biznes halolligi xartiyasi qabul qilinishi bilan ahamiyatli bo‘ldi. U moliya, korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat xaridlari kabi muhim sohalarda shaffoflik va halollikning yuqori standartlarini belgilaydi. Xartiyaga qo‘shilib, tadbirkorlar halol raqobat, korrupsiyaning oldini olish va ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga rioya qilish majburiyatini oladi.

Hujjat Biznes-ombudsman, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan ishlab chiqilgan. Qisqa vaqt ichida Xartiyaga 500 dan ortiq tadbirkor qo‘shildi va shu bilan biznes yuritishda halollik va ochiqlikka tayyor ekanliklarini bildirdi.

III “Biznesda halollik” forumi O‘zbekiston ishbilarmon doiralari uchun yana bir muhim voqea bo‘ladi. Forum doirasida korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali usullari muhokama qilindi va biznesni rivojlantirish yuzasidan ilg‘or tajribalar almashildi.

Xususan, Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov so‘zga chiqib, barqaror iqtisodiy rivojlanish yo‘lida biznesni halollik tamoyillari asosida yuritish asosiy o‘rin egallashi, mamlakatimizda tadbirkorlarni halollik tamoyillari va qonunchilik talablariga rioya qilgan holda biznes yuritishini rag‘batlantirish uchun qonunchilik bazasi yaratilganini qayd etdi.

–Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, ochiqlik, oshkoralik hamda xususiy sektor va fuqarolik jamiyati bilan muloqotni ta’minlovchi siyosiy va iqtisodiy islohotlarga biz ijobiy fikrdamiz, – dedi UNODC mintaqaviy vakili Oliver Stolpe. – Bu rivojlanish jarayonida ishbilarmonlik amaliyotida halollik madaniyatini yuksaltirish muhim sanaladi.

Shuningdek, tadbirda Hongkong korrupsiyaga qarshi kurashda namuna sifatida ko‘pincha tilga olinishi va Hongkongning Korrupsiyaga qarshi mustaqil komissiyasi xulosalari samarali ijro mexanizmlari va axloqiy me’yorlar shaffoflik va javobgarlik muhitini yaratishi mumkinligi haqida so‘z yuritildi.

Forum yakunida tadbirkorlik sub’ektlarining Korrupsiyaga qarshi kurashish Xartiyasiga qo‘shilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA