Prezident Emmanuel Makron Fransiyaning sobiq adliya vaziri, “Demokratik harakat” partiyasi yetakchisi Fransua Bayruni mamlakat bosh vaziri etib tayinladi. Bu haqda “Le Monde” axborot portali xabar bermoqda.

73 yoshli Bayru “tajribali siyosatchi, ko‘plab tarixiy kitoblar muallifi va Makronning tarafdori” deb ham ta’riflanadi.

Nashrning qayd etishicha, avvalgi bosh vazir Mishel Barne o‘z lavozimida uch oydan kamroq vaqt ishlagan. Yangi bosh vazirning birinchi galdagi vazifasi 2025 yil uchun byudjet xarajatlarini Milliy majlisda ma’qullatishga erishishdan iborat. Fransuz matbuotining yozishicha, yangi hukumat uchun o‘nglar va so‘llar o‘rtasida muvozanatni saqlash juda qiyin bo‘ladi.

4 dekabr kuni Fransiya Milliy majlisi (parlament quyi palatasi) 1962 yildan beri birinchi marta bosh vazir hukumatiga ishonchsizlik votumi uchun ovoz berdi. Ovozga ishonchsizlik votumi masalasini so‘l “Yangi xalq fronti” koalitsiyasi va o‘ng “Milliy birlashuv” partiyasi olib chiqdi. Barnening parlament bilan kelishmasdan 2025 yil uchun ijtimoiy sug‘urta byudjetini tasdiqlash qarori bunga sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, bundan ikki oy oldin Fransiyada navbatdan tashqari parlament saylovlari bo‘lib o‘tgan edi.

M.Pirmatova, O‘zA