«Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun ijrosini monitoring qilish bo‘yicha Bolalar ombudsmani rahbarligidagi idoralararo ishchi guruhi faoliyat yuritmoqda.
Ishchi guruh tarkibida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi va Bolalar tashkiloti vakillari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishida respublikamizda bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishning real holati hamda bu borada mas’ul davlat organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Xususan, 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 16 ming nafar o‘quvchi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda har 10 nafar boladan 8 tasi bevosita o‘z uyida internetga ulanishini bildirgan.
Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan qonun talablari buzilgan axborotlarni bartaraf etish talabi bilan 606 xabarnoma yuborilgan.
Mazkur yo‘nalishda 5 ming 250 axborot resursining identifikatsiya ma’lumotlari taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan butunjahon Internet tarmog‘ining axborot resurslari reyestriga kiritilgani bildirildi.
Yig‘ilish yakunida ushbu sohadagi mavjud muammolarni hal qilish hamda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Ishchi guruh o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA