Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” elektron platformasi ishga tushirilgan edi. So‘nggi paytlarda ushbu platforma faoliyatiga oid ayrim e’tirozlar bo‘ldi. Shu sababli Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil qildi.

Xo‘sh, ushbu platforma qanday maqsadlarni ko‘zda tutadi?  

Qurilish resurslari milliy klassifikatori loyiha-smeta hujjatlarida narxning sun’iy ravishda ko‘tarilishining oldini oladi. Shuningdek, qurilishda xufiyona iqtisodiyotga shart-sharoitlar yaratilishi va ob’ektlarda sifatsiz materiallar va ishlardan foydalanishga barham beradi. Qurilish resurslarining batafsil tasniflanishi va shu orqali aniq nom va kod bilan nomlanishi esa yetkazib beruvchilar orasida sog‘lom raqobat va shaffoflikni ta’minlaydi. Xaridor va sotuvchi o‘rtasida tushunmovchiliklarning oldini oladi. Loyihalash va qurilish jarayonini raqamlashtirish, qurilishga BIM texnologiyalarini joriy etish, raqamli boshqaruv tizimlaridan foydalanishda resurslarni batafsil tasniflash majburiy talab hisoblanadi.

Qurilish materiallariga ishlatilgan xomashyo, uning o‘lchamlari, mexanik xossalaridan kelib chiqib narxlarni shakllantirishda yagona yondashuvni ta’minlaydi.

Mazkur platforma turli ishlab chiqaruvchilar va ularning mahsulotlarini bir joyda jamlab, bazada birlashtiradi. Keng auditoriyani ochiq axborot bilan ta’minlaydi. Bu esa ishlab chiqaruvchi va sotuvchilarga potensial mijozlarni jalb qilish va bozorda yanada samarali raqobatlashish imkonini yaratadi.

Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarining dislokatsiyasi orqali qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoati hamda xizmat ko‘rsatuvchilarni respublika, viloyatlar va hududlar kesimida tahlil qilish, hududlarning qurilish materiallari ishlab chiqarish salohiyati, quvvati va qurilish materiallari narxini tahlil qilish, shuningdek investorlar tomonidan joylarda yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish bo‘yicha qaror qabul qilish imkonini beradi.

Kelgusida platforma yanada takomillashtiriladi. Buning natijasida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar uchun yirik oldi-sotdi platformasi va MDH davlatlari o‘rtasida eksport-import faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoni yaratiladi.

Ta’kidlash o‘rinliki, xalqaro tajriba asosida standartlarga mos bo‘lgan nomlarda qurilish resurslari, ularni guruhlarga va bo‘limlarga tasniflagan holda, har biri uchun alohida identifikatsiya kodi va nomlanishini nazarda tutuvchi narxlar elektron katalogi shakllantirildi.

Hozirgi kunga qadar mazkur katalogga 1000 ga yaqin ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi tadbirkorlarning 35 mingga yaqin mahsulotlari joylashtirilgan. Ular o‘zlarining elektron raqamli imzolari orqali platformaning shaxsiy kabinetida onlayn rejimda ma’lumotlarni qo‘shish, tahrirlash va boyitish imkoniga ega.

Qurilish resurslari milliy klassifikatori Soliq qo‘mitasining 190 mingdan ortiq MXIK kodlari bilan uyg‘unlashtirildi. Endilikda shartnoma va hisob-fakturalarni shakllantirishda tadbirkorlar va xaridorlar avvalgidek umumiy nomdagi emas, balki aniq ko‘rsatilgan nomdagi tovar va xizmatlarni ko‘rsatishlari mumkin. Bu esa o‘z navbatida aldanib qolish yoki tushunmovchilik holatlarining oldini oladi.

Joriy qilingan yangi tizim bilan ishlashda tadbirkorlar va xaridorlarda bir qancha savollar tug‘ilishi tabiiy. Masalan, mahsulotlarning o‘lchov birliklarini belgilash, MXIK kodini tanlash yoki yangi materiallarga yangi kodlar biriktirish kabi savollar paydo bo‘lishi mumkin.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti Soliq qo‘mitasining “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi bilan hamkorlikda tadbirkorlar tomonidan berilayotgan takliflar hamda muammolar bilan tizimli ishlashni yo‘lga qo‘ygan.

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA