BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Yevropa Ittifoqi ko‘magida «Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish uchun texnik yordam» loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga, xususan, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 6 martdagi “Kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan o‘tkazish hamda ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni tasdiqlash haqidagi qaroriga o‘zgartirishlar kiritish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro onlayn davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur loyiha bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining so‘roviga binoan FAO yuridik guruhi tomonidan pestitsidlarni boshqarish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, jumladan, yuqorida qayd etilgan qarorni yangilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Muloqotda asosiy e’tibor pestitsidlarga oid atamalar ta’rifini jahon standartlariga muvofiq qayta ko‘rib chiqish, o‘ta xavfli kimyoviy vositalarni bosqichma-bosqich amaldan chiqarish, davlatimizga turli yo‘llar bilan kirib kelayotgan pestitsidlarni nazoratga olish kabi mavzularga qaratildi. Pestitsidlarni ishlatish bo‘yicha nazorat to‘g‘risidagi hujjat loyihasini xalqaro ekspertlar tavsiyalariga asosan ishlab chiqish ham muhokamalar markazida bo‘ldi.
Umuman olganda, qo‘shma loyihaning umumiy maqsadi xalqaro konvensiyalarga rioya qilgan holda me’yoriy-huquqiy hujjatlar, vosita va muvofiqlashtirish mexanizmlarini sayqallash, mahalliy salohiyatni oshirish, institutlarni mustahkamlash va bu orqali respublikaning atrof-muhit va iqlim bo‘yicha majburiyatlarini bajarishga yo‘l ochishdan iborat.
– Davra suhbati mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida muhim qadamdir, – dedi loyiha milliy koordinatori Elmurod Nazarov. – Pirovard maqsadimiz pestitsidlarni ishlab chiqarishdan tortib, foydalanishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarida atrof-muhit va inson salomatligiga salbiy ta’sirini kamaytirishdir.
Shuningdek, milliy siyosatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish va yashil o‘sish strategiyasiga muvofiq, resurslardan samarali foydalanishga e’tibor qaratgan holda mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash ham ko‘zda tutilgan.
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA