Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida nutq so‘zlamoqda.
Parlament faoliyatida yutuqlar bilan birga e’tibordan chetda qolgan masalalar ham bo‘lgani qayd etildi. Prezident ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlar ulushi kamligicha qolmoqda. Parlament nazorati to‘laqonli ta’sirchan institutga aylandi, deb hozircha aytib bo‘lmaydi, parlament va deputatlik nazorati ijtimoiy soha bilan cheklanib qolmoqda.
Deputatlarning saylov okrugidagi faoliyati asosan uchrashuvlar tashkil etish, shikoyat va savollarga rasmiy javob berishdan iborat bo‘lib qolmoqda. Misol uchun, islohotlarning muhim qismi bo‘lgan kambag‘allikni qisqartirish masalasida deputatlarimiz hali o‘z o‘rnini topa olgani yo‘q.
So‘nggi yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va mintaqa doirasida bir qator yirik tashabbuslar ilgari surildi. Ana shu tashabbuslarning mohiyati va ahamiyatini xalqimizga yetkazishda deputatlarda, afsuski, faollik yetishmayapti.
Davlatimiz rahbari quyi palataning yangi tarkibi qayd etilgan masalalar bo‘yicha yangicha ishlashiga umid bildirdi.
O‘zA