Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari suv xo‘jaligi sohasida keskin o‘zgarish qilishning birdan-bir yo‘li – raqamlashtirish ekanini ta’kidladi.

Nasos stansiyalariga 1,7 mingta “onlayn” nazorat qurilmasi va 12 mingta “aqlli suv” qurilmasi olib kelingan. Lekin ulardan olinadigan ma’lumotlarni jamlab, tahlil qiladigan axborot tizimi yo‘q.

Shu bois, Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida Suv xo‘jaligini raqamlashtirish markazi tashkil etiladi. Ushbu markaz suv iste’moli va uni hisobini yuritishning yagona axborot tizimini ishga tushiradi.

Hozirda suv solig‘idan tushumning 40 foizi tuman suvchilarida qolmoqda. Lekin, 27 ta tumanda undirilgan suv solig‘idan mablag‘ suv yetkazish xizmatlariga o‘tkazib berilmagan. Viloyat hokimliklariga bir haftada ushbu kamchilikni bartaraf qilish topshirildi.

Moliya vazirligiga bundan buyon suv solig‘idan tushum byudjet va suvchilar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlanishini ta’minlash topshirildi.

Yig‘ilishda soha mutasaddilarining hisobotlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlarining takliflari tinglandi.

O‘zA