Braziliyada 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida davom etayotgan jahon chempionatining 8-tur o‘yinlaridan keyin 16 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchi qizlar orasida Afruza Hamdamova asosiy ta’qibchilaridan 1,5 ochko hisobida oldinga chiqib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Kecha tunda poyoniga yetgan 8-tur bahslarida Afruza Hamdamova qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida musobaqada ishtirok etayotgan rossiyalik Leyla Tabermakova bilan kechgan qiziqarli bahsda raqibini 62-yurish holatida taslim qildi.

Ushbu g‘alaba hamyurtimizni bu gal ham an’anasiga sodiq qolgan holda chempionlikni muddatidan oldin rasmiylashtirishga imkoniyat yaratdi, deyish mumkin.

Aytish lozim, bundan bir yil muqaddam, ya’ni o‘tgan yilning noyabr oyida Italiyada o‘tgan jahon chempionatida 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham muddatidan avval chempionlikka erishgan edi. O‘shanda Hamdamova Shengen vizasini rasmiylashtirishdagi muammolar tufayli chempionatning birinchi raundini o‘tkazib yuborib, texnik mag‘lubiyatga qaramay, qolgan barcha turlarda muvaffaqiyatga erishgan holda O‘zbekiston tarixida qizlar orasidagi ilk jahon chempioni nomiga sazovor bo‘lgan.

Aynan kecha o‘tgan 8-turdagi yutuq Afruzani yana katta g‘alaba sari yaqinlashtirmoqda.

Hozirda hamyurtimiz 7,5 ochko bilan turnir jadvalida yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, Yana Japova (FIDE), Elnaz Kaliaxmet (Qozog‘iston), Leyla Tabermakova (FIDE) va Gvadelupe Montano Visente (Meksika)lar 6 ochkoga ega bo‘lib turibdi.

Voqealar rivojidan oldinga o‘tmasdan ta’kidlamoq kerakki, bugun tunda o‘tadigan 9-turdagi o‘yin taqdiri ko‘p narsaga oydinlik kiritadi. Ushbu turda Hamdamova FIDE bayrog‘i ostida harakatlanayotgan rossiyalik Yana Japova bilan ro‘baro‘ keladi. Afruza oq donalarda o‘yinda qatnashishini e’tiborga olsak, barchasi biz kutganimizdek bo‘lishiga ishonsak bo‘ladi. Hamdamova 9-turda ham g‘alabaga erishsa, chempionatning yana ikkita tur o‘yinlari o‘tkazilmasdanoq jahon chempionligini naqd qilgan bo‘ladi. Bu, Braziliyada ham O‘zbekistonning g‘alabasi yuz berishini ta’minlashi bilan qadrli.

14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqaning 8-turida Javohir Bozorov qora donalarda niderlandiyalik Itan Chua bilan kuch sinashdi va ishonchli tarzda g‘alaba qozondi. 9-tur ostonasida Javohir Bozorov 13 nafar shaxmatchi singari 5 ochko bilan 118 nafar ishtirokchi orasida 20-32-pog‘onalarni band etgan. Ushbu yosh toifasida chempionlikka da’vogarlik qilayotgan 4 nafar shaxmatchi 6,5, 5 nafari 6, 10 nafari 5,5 ochkoga ega bo‘lib turibdi.

Jahon chempionatining 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar bahsida chempionlikka nomzod sanalgan hamyurtimiz Nilufar Imomqo‘ziyeva 8-turda kutilmaganda oq donalarda FIDE bayrog‘i ostida musobaqada ishtirok etayotgan Diana Hofizovaga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Mazkur yosh toifasida 2 nafar shaxmatchi qiz – Yunsin Chjao (Xitoy) va Diana Hofizova (FIDE) 7 ochko bilan turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda. Imomqo‘ziyeva kabi yana 7 nafar ishtirokchi 6 ochko bilan g‘oliblikka da’vogarlik qilmoqda.

Hozircha ushbu yosh toifasida kimlar asosiy o‘rinlarga egalik qilishi borasida biron so‘z aytish mushkul. Lekin Yunsin Chjao (Xitoy),  Diana Hofizova (FIDE), Kesari Mgeladze (Gruziya), Viktoriya Smetanskaya (Polsha) singari 10 nafarga yaqin shaxmatchi qizlar qatorida hamyurtimiz Nilufar Imomqo‘ziyevada ham chempionlikni tantana qilish imkoniyati bor.

Bugun o‘tadigan 9-tur uchrashuvida Nilufar Imomqo‘ziyeva qora donalarda musobaqada uchinchi o‘rinda tasniflangan fransiyalik Emle Negre bilan bahs olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, jahon chempionati musobaqalari 10 noyabrga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA