Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ilk oliy ta’lim muassasasi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining 90 yilligiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutasaddilari, xorijiy davlatlardan mehmonlar, shuningdek, respublikadagi ilg‘or oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, professorlar, nuroniy ustozlar, institut professor-o‘qituvchilari va talabalari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir institut tarixi, bugungi yutuqlari, jamoaning ilmiy-pedagogik yo‘nalishda amalga oshirayotgan ishlarining ko‘rgazmasi bilan boshlandi. Ishtirokchilarga oliy ta’lim muassasasi hayotidan tayyorlangan videofilm namoyish etildi.
Anjumanda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini pedagogika institutining tashkil etilganiga 90 yilligi bilan muborakbod etdi hamda ushbu dargohda ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, ilm-fan, ta’lim va yoshlar tarbiyasida o‘z vazifalarini fidokorona bajarib kelayotgan bir guruh pedagog xodimlarga faxriy unvon va ko‘krak nishonlarini topshirdi.
Institut mamlakatimizning haqiqiy ma’nodagi ilm-fan, ta’lim, ma’rifat markaziga aylandi. Bu yerda dastlabki yillarda bir yillik hamda ikki yillik o‘quv kurslarida tahsil olgan yoshlar aholining savodxonlik darajasini oshirib, ularni yorug‘ hayotga yo‘naltirishda bor kuch-g‘ayratini, bilim va tajribasini safarbar qildi. Shu bilan birga, institut bitiruvchilari xalq xo‘jaligining turli sohalarida samarali mehnat qilib, respublikamizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shdi.
Institutda o‘qib bilim olgan bitiruvchilar orasidan O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi Allaniyaz O‘teniyazov, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qayipbergenov, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov, Xiva shahridagi “Mehribonlik uyi” direktori bo‘lib ishlagan Vera Pak, mashhur arxeolog olim G‘ayratdin Xo‘janiyozovga davlatimizning eng oliy darajadagi “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni berildi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston ilm-fanining rivojiga katta hissa qo‘shgan akademiklar Marat Nurmuhammedov, Sabir Kamalov, Amin Baxiyev, Jumanazar Bazarbayev, Husniddin Hamidov va Abatbay Dao‘letov ushbu dargohda ta’lim olganligi institut jamoasi uchun katta faxr bag‘ishlaydi.
Pedagogika instituti bitiruvchilari qoraqalpoq xalqining iqtisodiy rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shib, davlat boshqaruvida katta muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsa, Xojambergen Yembergenov, Berdibay Qurbanov hamda Qallibek Kamalov Mehnat qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi.
O‘tgan asrning 80 yillaridan boshlab respublikadagi ta’lim muassasalari uchun oliy ma’lumotli pedagog kadrlarga bo‘lgan talab ortib, buning natijasida, 1990 yilga kelib mamlakatimizda pedagogika institutini qayta tashkil etish masalasi kun tartibiga ko‘tarildi. 1990 yil iyul oyida Nukus davlat pedagogika instituti tashkil etildi. Mustaqillik yillarida institut nafaqat Qoraqalpog‘iston, shu bilan birga, mamlakatimiz viloyatlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining xalq ta’limi tizimiga yuqori bilim va ko‘nikmalarga ega pedagog kadrlar tayyorlaydigan ilm-fan va ta’lim markaziga aylandi.
Hozirda institutda 11 fakultet, 2 bo‘lim, 32 ta kafedra bo‘lib, jami 26 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi va 19 ta magistratura mutaxassisligida 17 ming nafardan ziyod yoshlar ta’lim olmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 26 sentyabrdagi qarori asosida Ellikqal’a tumani va unga yaqin hududlarda istiqomat qiladigan talabalarning bilim olishi, Qoraqalpog‘istonning janubiy tumanlari hamda Xorazm, Buxoro viloyatlari uchun pedagog kadrlar tayyorlash maqsadida institutning Ellikqal’a pedagogika fakulteti tashkil etildi.
Albatta, bunday e’tibor natijasida institut professor-o‘qituvchilarining ilmiy darajasi va salohiyati oshib, ilmiy-pedagogik ishlarda yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan bo‘lsa, talabalar o‘rtasida ilm-fan, ta’lim, adabiyot, san’at, madaniyat, sport hamda boshqa sohalarda xalqaro va respublika darajasida katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgan yoshlar soni ortdi. Bugungi kunda pedagogika institutida 600 nafarga yaqin tajribali professor-o‘qituvchi talabalarga ta’lim-tarbiya bermoqda. Ulardan 231 nafar o‘qituvchi ilmiy darajaga ega.
Davlatimiz mustaqilligining 33 yillik bayrami arafasida ta’lim muassasasining yangi o‘quv binosining foydalanishga topshirilishi nafaqat institut jamoasi uchun, balki butun Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi uchun bayramga munosib tuhfa bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining bevosita e’tibori hamda g‘amxo‘rligi natijasida davlat byudjeti hisobidan 76 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 2 ming o‘rinlik yangi o‘quv binosining foydalanishga topshirilishi, shu bilan birga, moddiy-texnik bazani takomillashtirish maqsadida o‘quv binolari ta’mirlanib, yangi laboratoriyalar, sport majmualari hamda talabalar turar joylarining qurilayotganligi Orolbo‘yidagi ilk ta’lim muassasasining 90 yillik to‘yiga, shu bilan birga, ta’lim muassasasiga nomi berilgan buyuk mumtoz shoirimiz Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining 200 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi.
Yangi o‘quv binosida zamonaviy o‘quv va ma’ruza auditoriyalari, eng so‘nggi texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyalar, IT-inkubatsiya, axborot-resurs markazlari, bu yilgi o‘quv yilidan boshlab barcha oliy ta’lim muassasalarida joriy etilayotgan registrator ofisi hamda boshqa ko‘pgina imkoniyatlar yaratilgan.
Institutda ta’lim sifatini oshirish, kadrlar tayyorlashning yangi usullarini joriy etish maqsadida xalqaro nufuzli oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan samarali aloqalar o‘rnatildi. Bugungi kunda dunyoning “TOP-1000”lik ro‘yxatiga kiruvchi 62 ta, shundan QS (Quacquarelli Symonds World University Ranks), THE (Times Higher Education) hamda ARWU (The Academic Ranking of World Universities) xalqaro reytinglaridan joy olgan 15 ta oliy ta’lim muassasasi bilan shartnoma va memorandumlar tuzilgan. Mazkur shartnomalar asosida o‘tgan yil davomida institutning 50 nafardan ortiq professor-o‘qituvchisi xorijiy davlatlardagi oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlariga mutaxassisligini oshirish, seminar o‘tish, ilmiy anjumanlarda ishtirok etish, ma’ruza o‘qish maqsadida ilmiy stajirovkalarga yuborilgan bo‘lsa, dunyoning “TOP-1000”lik ro‘yxatiga kiruvchi oliy ta’lim muassasalaridan 14 professor-o‘qituvchi va mutaxassis institutning ilmiy-pedagogik faoliyatiga jalb qilindi.
Anjuman ishtirokchilariga institutning “To‘maris” xalq ansambli hamda iqtidorli talabalari, shuningdek, san’at ustalarining ijrosidagi konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.