AQSHdagi Kolumbiya universiteti tadqiqotchilari immun tizimini saraton hujayralarini yo‘q qilishga o‘rgatadigan probiotik bakteriyalarni ishlab chiqdi. Bu haqda universitet veb-saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, ushbu kashfiyot kelajakda nafaqat o‘simtalarga qarshi kurashadigan, balki kasallikning qaytalanishini oldini olish imkonini beradigan yangi turdagi saraton vaksinalarini yaratishga olib kelishi mumkin. Shuningdek, ushbu vaksinalar har bir bemorning kasallik xususiyatlarini hisobga olgan holda moslashtirilishi mumkin bo‘ladi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, bu usul peptidlar asosidagi an’anaviy saratonga qarshi vaksinalarga qaraganda samaraliroq ishlaydi.

Vaksina qanday ishlaydi? 

Qayd etilishicha, olimlar genetik o‘zgartirilgan E. coli probiotik bakteriya shtammini ishga soladi. Bakteriyalar immun tizimini saraton hujayralarini tanib olish va ularga hujum qilishga o‘rgatadi, shu bilan birga, ular sog‘lom hujayralarga zarar yetkazmaydi.

Har bir vaksina har bitta bemor uchun alohida yaratiladi. Bakteriyalar aynan o‘sha bemorga xos bo‘lgan saraton hujayralari mutatsiyalariga hujum qilish uchun dasturlashtiriladi. Bu davolashning samaradorligini oshiradi va nojo‘ya ta’sirlar xavfini kamaytiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyada o‘pka saratoniga chalingan 67 yoshli londonlik erkak xalqaro sinov doirasida birinchi bo‘lib saratonga qarshi yangi vaksina olgan edi.

Madinabonu Nasriyeva, O‘zA