Bolgariyaning Plovdiv shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni jamoatchilik vakillari, oila a’zolari, sport muxlislari kutib oldi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 9-martdagi O‘zbekiston sportchilarini 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlashga oid qarori sportchilarimizning xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarga har tomonlama puxta tayyorlanishi va munosib ishtirok etishi, terma jamoalarni yangi iste’dodlar bilan boyitishda muhim omil bo‘layotir.
Buning samarasini Plovdiv shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionati misolida ham ko‘rish mumkin.
Jahonning 85 mamlakatidan kelgan 500 nafarga yaqin sportchilar ishtirok etgan mazkur jahon chempionatida sportchilarimiz ikkita kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Chempionatning qizlar o‘rtasida o‘tgan S-2 yo‘nalishida 200 metrlik masofaga eshkak eshgan Dilnoza Rahmatova hamda Nilufar Zokirova tandemi kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatining kumush medalini taqdim etdi.
Shuningdek, yigitlar o‘rtasidagi S-2 qayig‘ida 500 metr masofaga eshkak eshgan Artur Guleyev va Elyorjon Mamadaliyev terma jamoamizga kumush medalni keltirdi.
– Bu mamlakatimizda biz, yoshlarga qaratilayotgan doimiy e’tibor va yaratilayotgan imkoniyat samarasidir, – deydi Dilnoza Rahmatova. – Biz kelgusida Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida ham shohsupaga ko‘tarilish uchun bor kuchimizni ishga solamiz.
J.Toshxo‘jayev, O‘zA