O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Abu-Dabi Madaniyat va turizm departamenti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Bu madaniyat va turizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda ikki davlatning  boy tarixiy merosi hamda hamkorlikdagi ishlarning istiqbollari muhokama qilindi.  Memorandum O‘zbekiston va Abu-Dabi muzeylarida hamkorlikdagi ko‘rgazmalarni o‘tkazish, madaniy meros sohasida tadqiqotlar olib borish, madaniy merosni saqlash va muzey ishi bo‘yicha tajriba almashish kabi ko‘plab yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan.

Shuningdek, hujjatda ta’lim loyihalari va madaniy ob’ektlarni  tiklash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan. Memorandum imzolanganidan so‘ng ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish uchun mas’ullar tayinlandi hamda  hamkorlikdagi aniq ishlarni belgilab olish uchun kelgusida onlayn-muloqot  olib borish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Mazkur kelishuv O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi madaniy almashinuv va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashda yangi ufqlarni ochadi.

Aziza Alimova tayyorladi,  

O‘zA