Til millatning borligi, birligi, hamjihatligi, faxru g‘ururining timsoli. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun – 21 oktyabr mamlakatimizda O‘zbek tili bayrami kuni sifatida katta tantana bilan, o‘zgacha shukuh, ko‘tarinkilik bilan nishonlanmoqda.
Bu yil ham xalqimiz ruhiyati, kayfiyatiga g‘oyat yaqin bo‘lgan ushbu bayram mamlakatimizda yuksak saviyada bo‘lib o‘tmoqda. 21 oktyabr kuni erta tongdanoq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi vakillari, turli vazirlik va idoralar, tashkilot mutasaddilari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba-yoshlar Toshkent shahridagi Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydi. Buning o‘ziga xos ramziy ma’nosi bor, albatta. Zero, ona tilimizning ravnaqi, kamolotida, uning dunyo uzra keng yoyilishida buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyosdir.
Shu kuni poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tantanali ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigini Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.
Darhaqiqat, bizning borligimiz, millat sifatidagi qiyofamiz, o‘zligimiz, ma’naviy kuch-qudratimiz ona tilimiz, jon tilimiz – o‘zbek tilining istiqboli bilan uzviy bog‘liq.
Tantanali tadbirda e’tirof etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda ona tilimizni asrab-avaylash, uning nufuzini tobora yuksaltirish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi kabi tuzilmalar tashkil etildi.
Umumta’lim maktablari, oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tilini o‘qitishga bo‘lgan e’tibor kuchaydi. Tilimiz targ‘iboti, savodxonlikka oid maxsus elektron platformalar tayyorlanib, ishga tushirilmoqda.
Aytish kerakki, o‘zbek tili endilikda BMTdek nufuzli tashkilotlarning minbarlaridan, yirik siyosiy uchrashuvlarda baralla yangramoqda. Ayni paytda bir qator xorijiy davlatlarda o‘zbek tilini o‘rganishga doir ma’rifiy markazlar faoliyat olib bormoqda.
– Keyingi yillar davomida o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun mamlakatimizda katta tantana bilan nishonlanmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodir Xolbo‘tayev. – Prezidentimiz tashabbusi bilan 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida belgilandi. Bu kun nainki mamlakatimiz, balki jahon miqyosida ham tabarruk kun sifatida nishonlanmoqda. Bayram tadbirlari Navoiyning haykali poyiga gullar qo‘yishdan boshlangani bejiz emas. Negaki, biz Alisher Navoiyning nurli shaxsiyatiga, ijodi, faoliyatiga har qancha ehtirom ko‘rsatsak oz. O‘zbek tili bayrami bir kunlik tadbir emas. Ona tilimizning borligi, mudom barqarorligi biz uchun katta bayramdir. Ustoz shoir, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov til masalasi umummilliy masala ekanini ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, bugungi kunda o‘zbek tiliga e’tibor umummilliy miqyos kasb etgani ahamiyatga molik.
Tantanali tadbirda ona tilimizni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikrlar bildirildi.
– Markazimiz faoliyat boshlaganiga to‘rt yil bo‘ldi, – dedi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov. – O‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha xorijlik va yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillaridan ko‘plab takliflar kelib tushmoqda. O‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan ko‘plab tinglovchilarga sertifikatlar topshirdik. Ayni paytda o‘nta guruhda o‘zbek tili o‘qitilmoqda. Shu bilan birga, markazda alohida maktab ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Men O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtining magistratura bosqichida o‘qish uchun kelganman, – dedi koreyalik Im Chyon Myon. – O‘zbekistonni, o‘zbek tilini juda yaxshi ko‘raman. KOISA tashkiloti orqali O‘zbekistonga kelganimda bu yurt meni o‘ziga rom etdi. Odamlari juda mehribon, hamisha yordam berishga tayyor, juda mehmondo‘st ekan. O‘zbek tili yurakdan sevadigan tilimga aylandi. Dunyodagi barcha xorijliklarni o‘zbek tilini sevishga va uni hurmat qilishga chaqiraman.
– Sport musobaqalari yakunida doim madhiyamiz baralla yangraydi, – dedi taekvondo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarining kumush medali sohibasi Svetlana Osipova. – Madhiyamizni qalbimdan kechgan hayajonlarning ko‘zgusi yanglig‘ baralla ijro etamiz. Bu aziz diyor, uning maftunkor va qadimiy tili bo‘lmish o‘zbek tili biz uchun ham juda qadrlidir.
Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan xorijlik hamda turli millat va elat vakillaridan iborat talabalar o‘zbek shoirlari she’rlaridan namunalar o‘qidi. Ularning o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi, e’tibori, ona tilimizga bo‘lgan chin hurmati va muhabbati samimiy e’tirofida g‘oyat jo‘shqin va zavqli tarzda yangradi.
Yurtimizda o‘zbek tilini rivojlantirish borasidagi islohotlar, 14 ta tilni mukammal bilgan Saidrizo Alizoda haqidagi videoroliklar, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “Kunduzsiz kechalar” asari asosidagi spektakldan lavha ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri