Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligiga

Termiz shahrida Toshkent va Xiva shaharlarida o‘tkazilgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida joriy yilning 17-18 oktyabr kunlari “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning 2024 yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan nufuzli tadbir O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Surxondaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz, xususan, Surxondaryo viloyatida yashab, islom dini tamadduniga katta hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz –ko‘plab allomalar, jumladan, Imom Termiziyning bebaho merosini o‘rganish va targ‘ib etish, muqaddas xotirasini e’zozlash, tabarruk qadamjolarini obod etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi Imom Termiziy majmuasi tubdan yangilanib, obod go‘shaga aylantirildi. Hakim Termiziy majmuasida ham ziyoratchilar uchun barcha qulaylik yaratildi. Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Islom instituti tashkil etildi. Yuz berayotgan bunday o‘zgarishlar islom ma’rifatiyu ma’naviyatini, insonparvarlik, mehr-oqibat, hurmat-ehtirom kabi ezgu g‘oyalarni yosh avlod ongu shuuriga singdirishda muhim omil bo‘ladi. Yoshlarni yot g‘oyalardan asrab, muqaddas islom dinining asl amallarini tasavvur etishiga yordam beradi.

Konferensiyada qatnashgan dunyoning o‘nga yaqin davlatidan din arboblari, nufuzli ta’lim muassasalari olimlari, muftiylar, taniqli ulamolar, ilmiy tadqiqotchilar ilmiy-amaliy anjuman va yalpi majlis hamda shu’ba yig‘ilishlarida Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa buyuk termiziy allomalar merosiga chuqur ehtirom ko‘rsatishdi. Ul zotlarning nodir asarlarini o‘rganib, tadqiq etish va ulardan diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish hozirgi murakkab dunyoda yoshlarni milliy qadriyatlarga xos tarbiyalashga xizmat qilajagini qayd etishdi. Davlatimiz rahbari bunday ezgu va xayrli ishlar tashabbuskori bo‘layotganini alohida e’tirof etib, mamlakatimizda shu mavzuda o‘tkazilayotgan anjumanlarga yuqori baho berishdi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari g‘oyasi bilan O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy, xususan, islom ilmlari sohasida juda katta yangiliklar, yaxshiliklar amalga oshirilmoqda, – deydi Xalqaro musulmon ulamolar kengashi raisi Ali Muhyiddin Qoradog‘iy. – Bugungi qaltis sharoitda diniy va dunyoviy muvozanatni ushlash anchayin murakkab ish. Mana shu masalani chiroyli yengib o‘tish, amalga oshirish mumkinligini O‘zbekiston misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Albatta, bu siyosatni yuritish ham oson emas. Lekin shu mo‘’tadil siyosatni O‘zbekiston Prezidenti yuritayotganini barchaga va barcha davlatlarga o‘rnak qilib ko‘rsatsa arziydi. Qadim tarixiy manbalarni tadqiq qilish, undagi ezgu g‘oyalarni nafaqat O‘zbekiston, balki jahon ommasiga yetkazishda bunday nufuzli anjumanlarning o‘rni nihoyatda beqiyosdir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarda chuqur ma’no bor. Zero, islom dinining, Qur’oni karim va hadis ilmining asl mazmun-mohiyatini, hadisshunoslik maktabining ilmiy-ma’naviy asoslarini, Vatanimizdan yetishib chiqqan ulug‘ mutafakkir zotlar merosini har tomonlama chuqur o‘rganib, keng targ‘ib qilish farzandlarimizni yoshlikdan yuksak insoniy g‘oyalar va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida ulg‘aytirishga ko‘maklashadi. Yaxshini yomondan, foydani zarardan, savobni gunohdan, rohatu farog‘atni azobdan, tejamkorlikni isrofgarchilikdan, kamtarlikni kibru havodan, halolni haromdan, odobni odobsizlikdan, axloqni axloqsizlikdan, mardni nomarddan, mehr-shafqatni berahmlikdan, saxovatni xasislikdan, sabru qanoatni sabrsizlikdan, ishq-muhabbatni ishqsizlikdan ajratishga o‘rgatadi.

Vatanni sevishni bevatanlikdan, ayollarga izzat-ikrom ko‘rsatishni hurmatsizlikdan, halimlikni qahr-g‘azabdan, ilmu ma’rifatni ilmsizligu jaholatdan ustun qo‘yishga da’vat etadi.

Konferensiyada qatnashib, buyuk ajdodlarimiz o‘tmishda insoniyatning tinch, pokiza, halol va beozor yashashida barcha zamonlar uchun birdek qadrli ta’limotni yaratib ketganidan faxr hissini tuydim. Bunday tuyg‘u faqat menda emas, anjumanga uzoq- yaqindan kelgan barcha ishtirokchilar qalbida mavj urganini his etgandek bo‘ldim.

– Men Termiziylar asarlarini tadqiq etaman, – deydi Sulaymon Demiral universiteti ilohiyot fakulteti professori, doktor Hadije Tokso‘z. – O‘zbekistonga kelishni juda istar edim. Hakim Termiziy asarlarida ilohiy ishq mavzuida izlanish olib boraman. Meni u zotning hayoti hayratda qoldiradi. Shu yerda buyuk alloma hayotiga oid bitta misol keltiraman: Hakim Termiziyning ilm-fanni o‘zlashtirishiga hadisshunos olim bo‘lgan onasi juda katta yordam bergan. O‘rganish chog‘ida mutafakkir oilasida sadoqat, vafo va mehr-muhabbat uning turmush o‘rtog‘i bilan munosabatlarida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Turmush o‘rtog‘i Hakim Termiziyni har qanday vaziyatda ham qo‘llab-quvvatlagan. Manbalarda turmush o‘rtog‘i Termiziy haqida ko‘rgan tushlarini ta’bir qilib bergani qayd etilgan. Buning diqqatga sazovor jihati shundaki, bu tushlardan buyuk olim to‘g‘ri xulosa chiqarib, ilm yo‘lida og‘ishmay harakat qilgan. Bu juda go‘zal hayot. Oiladagi sof muhabbat va sadoqat turli axborot xurujlari avj olgan bizning davrimizda ham ulug‘lashga arziydigan fazilatdir. Bu haqdagi hayratlanarli fikrlarimni anjumanning shu’ba yig‘ilishida “Hakim Termiziy nazdida “muhabbat” tushunchasi” mavzuidagi ma’ruzam orqali taqdim etdim.

Imom Termiziy tavalludining 1200 yillik yubileyi munosabati bilan poytaxtimiz va Termiz shahridagi nashriyotlarda termiziy allomalarning ko‘plab nodir asarlari chop etildi. Termiz shahridagi “Kitobnashr” nashriyoti “Sunani termiziy sharhi” kitobining to‘rt jildini, Abu Ja’far Termiziyning “Tafsir” kitobini nashr etdi. Yosh avlodga Xolid ibn Ziyod Termiziy, Munjik Termiziy, Sayyid Ali Termiziy, Muhammad ibn Homid Termiziy, Muhammad Solih Kashfiy Termiziy kabi allomalarning asarlari sovg‘a qilindi. Endilikda kitobsevarlar javonidan Hakim Termiziyning “Qur’onning serma’no so‘zlarini anglash”, “Namoz va uning maqsadlari” asarlari ham joy oladigan bo‘ldi.

Anjumanning shu’ba yig‘ilishlarida Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa termiziy allomalarning hayoti, ilm yo‘lidagi mashaqqatli mehnati, ilmiy asarlari xususida bir-biridan sermazmun, qiziqarli, ta’sirli  ma’ruzalar tinglanib, muhokama etildi. Imom Termiziy hadis, Hakim Termiziy irfon ilmi bilimdoni sifatida islom ummatiga hamon ma’rifat ulashayotgani ta’kidlandi. Taklif va tavsiyalar bildirildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya qatnashchilari Termiz tumanidagi Hakim Termiziy, Sherobod tumanidagi Imom Termiziy majmualarida bo‘lib, ul buyuk zotlar mangu qo‘nim topgan sokin go‘shalarda Qur’on tilovat qilishdi. Ziyorat doirasida islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimiz haqida berilgan ma’lumotlar xorijlik mehmonlarda yanada boy taassurot uyg‘otdi.

Anjuman doirasida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Imom Termiziy va termiziy allomalarning yangi nashr etilgan kitoblari hamda nodir asarlari nusxalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri