Xitoy ilmiy-texnologik sohada e’lon qilingan nashrlar soni bo‘yicha dunyo mamlakatlari orasida birinchi o‘ringa ko‘tarilib, amal qilinayotgan ichki patentlar ko‘pligi bo‘yicha ham yetakchiga aylandi. Bu yutuqlar investitsiya kiritish, kadrlar salohiyatini oshirish orqali mamlakatni ilmiy-texnikaviy jihatdan eng qudratli davlat maqomini qo‘lga kiritish uchun asos bo‘lmoqda. “RIA Novosti” Roskongress tadqiqoti xulosasi bilan tanishib, shunday xulosa yasagan.
– Xitoy 1996-2020 yillar mobaynida tadqiqot va ishlanmaga jalb qilingan investitsiya miqdorini 3299 foiz oshirgan, – deyiladi maqolada.
Samolyotning yetakchi harakatlantiruvchi kuchi, jumladan giper tovushli qo‘zg‘alish bo‘yicha yer yuzida olib borilgan tadqiqotlarning 48 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, dvigatel, sun’iy yo‘ldosh va giper tovushli raketa yaratish bilan bog‘liq boshqa texnologiya vositalari ishlab chiqarilishi mazkur davlat yetakchiligini ta’minlamoqda.
XXR ilmiy ixtiro va ishlanmaga sarflayotgan mablag‘ Yevropa Ittifoqining 27 mamlakatining bu boradagi jami ko‘rsatkichidan yuqori.
Darvoqe, ayni yo‘nalishlarga sarmoya kiritishda hamon AQSH yetakchi. Xitoy esa investitsiya miqdorini oshirish sur’ati bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqqan.
Tahlilchilar XXR sun’iy intellekt sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha AQSHga yetib olayotganiga ham e’tibor qaratgan. 2023 yil tahlili AQSH ayni tarmoq yetakchilari uchun asosiy ish joyi bo‘lib qolayotganini ko‘rsatdi. Bu borada Amerikaga yaqinlashayotgan mamlakatlar ko‘paymoqda. Masalan, 2019 yil ayni yo‘nalishda e’tirof etilgan kuchli xodimlarning 11 foizi Xitoyda ishlagan. 2022 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 28 foizga yetgani mazkur mamlakatda sun’iy intellekt tarmog‘i jadal yuksalayotganidan dalolat.
S.Rahimov, O‘zA