Joriy yilning 14-18 oktyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari, qator vazirlik va idoralar hamkorligida “San’at va dunyo” mavzusida X Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi o‘tkaziladi.
Milliy matbuot anjumanida mazkur yirik madaniy loyihaga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
“San’at va dunyo” mavzusida X Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi dunyoning turli davlatlarida ijod qilayotgan rassomlar bilan birga, Vatanimizning ko‘plab yosh musavvirlari ijodini poytaxtimiz mehmonlari, xalqimiz, san’at muxlislariga namoyish etishi bilan ahamiyatli.
– Bugun O‘zbekistonda barcha sohalar qatori milliy tasviriy san’at ham muttasil rivojlanib bormoqda, – dedi Badiiy akademiya raisi Akmal Nuriddinov. – San’at sohasiga o‘zining dadil qadamlari, o‘z uslubi, ijod yo‘li bilan ko‘plab iste’dodli yoshlarimiz kirib kelmoqda. Ularning ijodini dunyo rassomlariga namoyish etish, qolaversa yosh musavvirlarimizning jahon mo‘yqalam sohiblari ijodi bilan tanishtirishda, ularning o‘zaro muloqotini yo‘lga qo‘yishda ushbu biyennale keng imkoniyatlar ochadi.
Mazkur xalqaro ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 25 avgustdagi tegishli bayoni ijrosini ta’minlash, mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, yurtimizning san’ati va madaniyatini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilmoqda.
X Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi tasviriy san’at sohasida turli mamlakatlar, keng jamoatchilikka zamonaviy san’atning turli yangi yo‘nalishlari, yangi nomlarini namoyish etish, shuningdek, xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish, madaniyatlar, an’analar, yutuqlar o‘rtasidagi ijodiy muloqotni mustahkamlashga qaratilgan. Unda badiiy tafakkur kengliklarini, imkoniyatlarini to‘liqroq namoyish etish, ijodiy izlanish sohasida plyuralizmni namoyon etish, turli mamlakatlardagi postmodern vaziyatning o‘ziga xos xususiyatlarini, zamonaviy san’at holatini, globallashuv davrida mahalliy an’analarning yo‘qolib borayotganini ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
X Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi konsepsiyasi ko‘p madaniyatli turmush tarzini zamonaviy san’at prizmasi orqali namoyish etishga bag‘ishlangan. Unda taqdim etilgan asarlar insonparvarlik qadriyatlarini qo‘llab-quvvatlovchi turli badiiy ifodalarni aks ettiradi.
Biyennale mavzusi ekologiya, madaniyat, bag‘rikenglik, o‘ziga xoslik, sun’iy intellekt, texnogen sivilizatsiya va insonning ichki dunyosi kabi tushunchalar haqida fikr yuritish imkonini beradi.
X Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesida Avstraliya, AQSH, Argentina, Meksika, Braziliya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Shvetsiya, Niderlandiya, Vengriya, Gretsiya, Polsha, Ruminiya, Sloveniya, Serbiya, Albaniya, Latviya, Litva, Turkiya, Eron, Jazoir, Bahrayn, Isroil, Hindiston, Bangladesh, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Singapur, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston singari 40 dan ortiq davlatlar vakillari o‘z asarlarini namoyish etadi. Shuningdek, O‘zbekistonning 50 nafardan ziyod rassomlari qatnashadi.
Toshkent xalqaro biyennalesi jahon zamonaviy san’at ijodkorlari uchun ochiq va keng muloqot maydoni bo‘ladi. Hafta davomida poytaxtimizda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zali, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi, Toshkent fotosuratlar uyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi hamda O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida xorijlik va yurtimiz rassomlari asarlari ko‘rgazmalari, mahorat darslari, ma’ruzalari, xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tadi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalarining savollariga batafsil javob qaytarildi.
N.Usmonova,
O‘zA