Poytaxtimizda joylashgan Gimnastika bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabida kikboksing bo‘yicha jahon kubogi boshlandi.
Mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida dunyoning nufuzli musobaqalarida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan sportchilarimiz safi tobora kengayib, mamlakatimiz ko‘plab yirik sport anjumanlariga mezbonlik qilmoqda.
Jumladan, O‘zbekistonda sportning barcha turlari qatori kikboksingni ham rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor, turli nufuzli anjumanlarni tashkil etishdagi boy tajriba va yaratilgan keng imkoniyatlar inobatga olinib, Butunjahon kikboksing tashkilotlari assotsiatsiyasi (WAKO) tomonidan jahon kubogiga mezbonlik qilish huquqi Toshkent shahriga berildi.
Gimnastika bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabida 25 sentyabr kuni jahon kubogining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bayramona bezatilgan sport majmuasi mehmonlar, sportchi va murabbiylar, muxlislar bilan gavjum.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
Turnirning ochilish marosimida O‘zbekiston sport vaziri A.Ikromov va boshqalar mamlakatimizda yosh avlodni jismonan va ma’nan sog‘lom insonlar etib tarbiyalash, sportni rivojlantirish mamlakatimizda umummilliy harakatga aylanganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, mamlakatimiz tarixida ilk marotaba kikboksing bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon kubogi yuqori saviyada tashkil etilgani va kelgusida bundanda yirik musobaqalarni o‘tkazish borasida samarali ishlar olib borilayotgani haqida to‘xtalib o‘tildi.
– O‘zbekistonda sportni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining samaralarini bermoqda, – deydi WAKO prezidenti Roy Beyker. – O‘zbekiston sportchilari, xususan, kikboksing ustalari jahon va qit’a chempionatlarida doimo yuksak natijalarni qayd etmoqda. Toshkent shahri mezbonlik qilayotgan jahon kubogi ham yuqori saviyada o‘tishiga ishonchimiz komil.
Butunjahon kikboksing tashkilotlari assotsiatsiyasi (WAKO), O‘zbekiston sport vazirligi, mamlakatimiz kikboksing assotsiatsiyasi tomonidan qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan jahon kubogida 53 davlatdan 2600 nafaran ortiq kikboksing ustalari sovrinli o‘rinlar uchun bellashadi.
Mazkur musobaqada sportchilar 7 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘zaro raqobatlashadi. Bahslar 28 sentyabr kuniga qadar davom etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA