Maldiv orollarida voleybol bo‘yicha ayollardan iborat klublar o‘rtasida “CAVA Women’s Club Volleyball Championship” musobaqasi yakuniga yetdi. Unda mamlakatimiz sharafini Toshkentning “Humo” jamoasi munosib himoya qildi.
Mazkur musobaqaning bronza medali uchun o‘tgan o‘yinda Maldivning “WAMCO” hamda Shri-Lankaning “Air Force” klublari o‘zaro raqobatlashdi. Ushbu jamoalar uchrashuvida mezbonlar 3:2 hisobida zafar quchib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.
“CAVA Women’s Club Volleyball Championship”ning so‘nggi hal qiluvchi final o‘yinida “Nepal Police” va Toshkentning “Humo” jamoalari oltin medal uchun kuch sinashdi. Afsuski, shiddatli bellashuvlar ostida o‘tgan bahsda voleybolchi qizlarimizga omad yetishmadi. Shu tariqa, “Nepal Police” musobaqa g‘olibiga aylangan bo‘lsa, “Humo” kumush medali bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA