Bugun, 18 sentyabr kuni Vengriya poytaxti Budapesht shahrida 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasining 7-tur bahslari bo‘lib o‘tadi.
Unda shaxmat olimpiadasining amaldagi g‘olibi O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi ukrainalik shaxmatchilar bilan kuch sinashadi.
Aytish lozim, mahoratli grossmeysterlarimiz 6-turda Isroil shaxmatchilaridan 2,5:1,5 hisobida ustun kelgandi. Ukraina esa ushbu turda Chernogoriya shaxmatchilarini 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etgandi.
Shaxmatchi qizlarimiz bugun Gretsiya terma jamoasi bilan ro‘baro‘ keladi. Bundan ikki kun muqaddam o‘tkazilgan 6-turda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Niderlandiya bilan 2:2 hisobida durangga erishgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston ham, Gretsiya ham bugungi uchrashuv oldidan 9 ochko jamg‘argan. Vakillarimiz qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 16-o‘rinda, Gretsiya esa 17-pog‘onada bormoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA