Oilaviy shifokorlik punkti foydalanishga topshirildi

Kegeyli tumanidagi “Aktuba” ovul fuqarolar yig‘ini “Yangi O‘zbekiston” massivi hududida oilaviy shifokorlik punkti binosi foydalanishga topshirildi.

Ochilish marosimida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish, aholi o‘rtasida profilaktika ishlarini yaxshilash, kasalliklarni erta aniqlash hamda malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yangi turar joylar bilan birga massivni to‘liq infratuzilma bilan ta’minlash, ijtimoiy ob’ektlarni qurish bo‘yicha rejada belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash borasida 12,6 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu shifokorlik punkti kundalik 50 nafar bemorni qabul qilishga mo‘ljallangan bo‘lib, zamonaviy laboratoriya, emlash, kunduzgi statsionar, muolaja xonalari aholi xizmatida.

Energiya tejamkorlik – davr talabi 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi mas’ullaridan iborat ishchi guruh To‘rtko‘l tumanida bo‘lib, energiya tejamkor texnologiyalar afzalliklarini aholiga to‘g‘ri tushuntirish va amalda joriy etish borasidagi ishlar bilan tanishdi.

Tuman rahbarlari, mahallalar yettiligi va mas’ul idora vakillari ishtirokidagi yig‘ilishda bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi. Ishlarni jadallashtirish yuzasidan aniq muddat hamda vazifalar belgilab olindi.

Orolbo‘yi xorijiy jurnalistlar e’tiborida 

“France Televizion – France-2” teleradiokompaniyasining Moskvadagi byurosi jurnalistlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufidagi “Sudoche-Akpetki” davlat buyurtma qo‘riqxonasi hududidagi “Sudoche” ko‘lida bo‘ldi.

“Sudoche” aslida, “suvi dushshi” degan mahalliy iboradan olingan bo‘lib, “suvi chuchuk” ma’nosini anglatadi. Umumiy maydoni 50 ming gektardan oshadigan ushbu ko‘llar tizimida hozirda 240 ga yaqin turdagi minglab ko‘chmanchi va doimiy yashovchi qush mavjud bo‘lib, ular orasidan tabiatda kam uchraydigan flamingo qushlar to‘dasini ham uchratish mumkin.

“Sudoche” ko‘li go‘zal tabiati va ajoyib landshafti bilan ko‘pchilik xorijiy sayyohlar e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelmoqda.

Dovud Abibullayev O‘zA muxbiri.