Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Nukus filiali yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Binoning ochilish tadbirida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yangi bino bilan qutladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda Prezidentimizning qo‘llab-quvvatlashi tufayli ta’lim sohasiga, ayniqsa, yoshlarning yuqori darajada bilim egallashiga ulkan e’tibor qaratilmoqda.
Kelgusi yili Qoraqalpog‘iston Respublikasida ijtimoiy soha va infratuzilma uchun 1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan va, jumladan, 24 ta umumta’lim maktabining qurilishi belgilanmoqda. Joriy yilning o‘zida 202,8 milliard so‘m mablag‘ evaziga 34 ta umumta’lim maktabida qurilish-rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.
Yurtimiz kelajagi egalari orasidan qobiliyatli va bilimli yoshlarni aniqlash, ularni o‘zlari qiziqqan fanlarga chuqurlashtirilgan holda o‘qitish maqsadida har bir hududda ochilgan Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari bilan bir qatorda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga yo‘naltirilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabining Nukus filiali tashkil etildi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida mazkur maktabda byudjet mablag‘lari hisobidan 61 milliard so‘mlik qurilish ishlari olib borildi va o‘quvchilar uchun barcha qulay sharoit yaratildi. IT sohasi uchun professional kadrlarni tayyorlab chiqarishda mazkur o‘quv maskanining o‘rni kattadir.
Tadbir ishtirokchilari maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri