Mamlakatimizda yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrab olinishi ko‘rsatkichlarini oshirish va sifatli ta’limni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yangi o‘quv yilining birinchi kunlarida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bo‘lib, davlat granti asosida o‘qishga tavsiya etilgan baxtiyor yoshlarning dil izhorlari bilan qiziqdik.
–Talabalar safiga qo‘shilish har bir yoshning eng oliy maqsadidan biri bo‘lsa kerak, – deydi Veterinariya sanitariya ekspertizasi yo‘nalishining talabasi Gulinur Rahimboyeva. – Men Xorazm viloyatidan Qoraqalpog‘istonga kelib tahsil olishni niyat qilgan edim. Azaldan qoraqalpoqlarning hayot tarzi va urf-odatlariga qiziqishim baland, endi bu yerda tahsil olish bilan birga ular bilan yaqindan tanishib boraman.
– Eng yuqori ball to‘plab, talaba bo‘lganim birinchi navbatda ota-onamni juda sevintirdi, – deydi Zooinjeneriya yo‘nalishining 1-bosqich talabasi Miyirbek Janabayev, – Ulug‘ shoir Ibroyim Yusupov tavallud topgan Chimboy tumanidanman. O‘zimni juda baxtiyor sezyapman.
– Suv bioresurslari va akvakultura yo‘nalishiga grant asosida talabalikka qabul qilindim, – deydi Sara Bazarbayeva. – Prezidentimizning oliy ta’lim sohasini yanada isloh qilish borasida ilgari surgan ezgu tashabbuslari oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishni orzu qilgan yoshlarni yanada ruhlantiradi.
Shuningdek, Zooinjeneriya yo‘nalishiga davlat granti asosida talabalikka qabul qilingan Barno Muhammetdinova, Veterinariya sanitariya ekspertizasi yo‘nalishining talabasi Manzura Reyimbayeva va boshqalar mustaqil yurtning baxtli talabalari safidan joy olganidan juda mamnun ekanligini bildirib, yoshlarga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan qator imkoniyatlar ularni yanada ruhlantirib, kelajakda o‘zlari tanlagan soha rivojiga o‘z hissalarini qo‘shishga ahd qilganliklarini ta’kidlashdi.
Ko‘zlarida nur porlab turgan ushbu yoshlarning dil so‘zlarini tinglab, ular kelajakda o‘z sohasining bilimli mutaxassislari bo‘lib, mamlakatimiz kelajagini yaratishiga ishondik.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri