O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi O‘rozboy Abdurahmonov tavalludining 75 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Adabiy anjumanda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, «Xalq so‘zi», «Narodnoye slovo» gazetalari bosh muharriri, taniqli jurnalist, ustoz ijodkor O‘tkir Rahmatov, atoqli ijodkor Nurali Qobul, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Ne’matullo Xudoybergenov va boshqalar O‘rozboy Abdurahmonovning ijod yo‘li, ibratli faoliyati xususida batafsil so‘zladi.

Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘rozboy Abdurahmonov 1949 yil 27 avgustda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli tumanida tavallud topgan. Xo‘jayli shahridagi 1-sonli maktabda ta’lim olib, Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini (1973) tamomlagan. Ijodkor «Jetkinshek» gazetasi, «Amudaryo» jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, mas’ul kotib bo‘lib ishlab yurgan kezlari adib qalamining charxlanishida muhim bir davr bo‘ldi.

U Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi, «Qoraqalpoqfilm» kinostudiyasida direktor, Qoraqalpog‘iston Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining o‘rinbosari, «O‘zbektelefilm»ning Qoraqalpog‘iston bo‘limi direktori hamda Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Adibning hayot yo‘li taqdiri, adolat qismati va ijodkorlik dunyosi bilan bog‘langan. U bir tomondan hajviyotning rivojiga katta hissa qo‘shgan bo‘lsa, boshqa tomondan qoraqalpoq adabiyotiga esse janrini olib kirdi. G‘arb adabiyotida mashhur bo‘lgan esse janrini sharqona mazmun bilan boyitdi. «Orolim – dardim mening» (1985) essesi YUNESKO medali sovrindori bo‘ldi.

1987 yili chop etilgan «Changalzor payg‘ambari halokati» essesi esa «ekstrasens» niqobi ostidagi diniy ekstremistlar to‘dasining kirdikorlarini fosh etib, jahonning yetakchi tillarida chop etildi.

Adibning birinchi kitobi «Bir muhabbat tarixi» nomi bilan «Qoraqalpog‘iston» nashriyotida 1977 yilda chop etilgan. 2009 yilda «Tanlangan asarlar» kitobi nashr qilinib, asarlari o‘zbek, rus, ozarbayjon va tatar tillariga o‘girilgan.

Mustaqillik yillari «O‘zbekiston» telekanalida namoyish etilgan «Temir tulpor parvozi», «Mizdakxon», «Xorazmning oltin xalqasi», «Ayoz qal’a», «O‘zbekiston temir yo‘llari», «Moziyxona», «Qo‘ng‘irot soda zavodi» singari hujjatli filmlar ham adib yozgan ssenariylar asosida tasvirga olingan.

Istiqlol yillarida O‘rozboy Abdurahmonovning ko‘p qirrali ijodi munosib taqdirlandi. Unga 1999 yili «Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi», 2000 yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi», 2004 yili «Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi» faxriy unvonlari berildi. 2018 yilda esa «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi.

Adabiy anjumanda O‘rozboy Abdurahmonov ijodining o‘ziga xosligi xususida batafsil so‘z yuritildi.

N.Usmonova, Ahmad To‘ra (surat),

O‘zA