Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida yangi 2024-2025 o‘quv yili “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Mustaqillik darsi” bilan boshlandi.
Yangi o‘quv yilining ochilish marosimida dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, filial professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar barchani O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligi munosabati hamda talabalik baxtiga muyassar bo‘lgan yoshlarni samimiy qutladi. Ularga yangi o‘quv yilida yangi marralarni zabt etishini, yuqori natijalarga erishishlarini tiladi. Shuningdek, Prezidentimiz g‘amxo‘rligi bilan joriy yilda ham faqat qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun alohida kvotalarning ajratilishi minglab yoshlarga katta imkoniyat berganligi qayd etildi.
Filial rahbariyati va professor-o‘qituvchilar tomonidan zamonaviy auditoriyalarda talaba-yoshlarga “Mustaqillik darsi” tashkil etildi. Darslar davomida talabalarga mustaqil yurtimizning shonli tarixi, istiqlol davrida amalga oshirilgan ezgu ishlar hamda qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida batafsil so‘z bordi. Yurtimizda mustaqillik shukuhi kezib yurgan onlarda jonajon Vatanimizni yanada ko‘proq qadrlashimiz, mehr-muhabbat va shukronalik hislarini chuqur anglab yetishimiz zarurligi ta’kidlandi.
Talaba-yoshlarga mamlakatimizda o‘tgan qisqa davr mobaynida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar hamda turli sohalarda jumladan, oliy ta’limda erishilgan yutuqlar haqida so‘zlab berildi. Shuningdek so‘nggi yillarda yoshlarni oliy ta’lim sohasiga qamrab olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga alohida urg‘u berildi. Mazkur darslar orqali talaba-yoshlar ongiga zabt etilgan katta marralar mohiyati, mustaqillik ulug‘ ne’mat ekanligi singdirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.