Poytaxtimizda ilk marotaba aksilkorrupsiya sohasida Xalqaro media forum bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli forum o‘tgan yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida o‘tkazilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston milliy media birlashmasi, Xalqaro press-klub hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Latviya, Singapur, Filippin, Avstriya, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda O‘zbekiston yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari, vazirlik va idoralarning matbuot kotiblari, xalqaro ekspertlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etmoqda.
Forumda so‘zga chiqqan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida bunday mediaforumning tashkil etilgani katta ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
– Aslida korrupsiyaga qarshi kurashish global darajada ahamiyatli, – dedi A.Fujii. – Chunki shu illat tufayli mamlakatlarda rivojlanish bo‘lmay, xalqi qashshoqlikda yashashga majbur bo‘lmoqda. O‘zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurashish, shu yo‘l bilan kambag‘allikni bartaraf etish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda va sezilarli natijalarga ham erishildi. Bu BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi talablariga ham mos keladi. Aytib o‘tish kerakki, korrupsiyaga qarshi kurashishda mediya muhim o‘rin tutadi. Bu soha vakillari davlat xizmatchilarining faoliyatini kuzatib boradi, ularning adolatli ishlashiga ma’lum ma’noda ta’sir ko‘rsatadi. Chunki OAV xodimlari kuzatish bilan cheklanmay, ma’lumot to‘playdi, uni ommaga axborot sifatida tarqatadi. Ya’ni, ochiqlik asosida jamiyat korrupsiyadan tozalanadi. Demak, korrupsiyaga qarshi kurashishda mediya imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha natijador hamkorlikni yanada mustahkamlash zarur.
Norgul Abduraimova,
Nosir Haydarov (surat),
Nishon Abduovitov (videooperator),
O‘zA muxbirlari